Rossiyalik milliarder Ziyovudin Magomedov hibsga olindi
Moskvaning Tver sudi firibgarlik va jinoiy to‘da tashkil etishda gumon qilinayotgan milliarder Ziyovudin Magomedovni hibsga oldi.
Sudya Magomedovni yetkazilgan zarar – 2,5 mlrd rubl qiymatdagi garov puliga qo‘yib yuborishdan bosh tortgan.
Magomedov o‘z nomiga bildirilayotgan ayblovlarni qat'iyan rad etishini aytgan.
Avvalroq ushbu ishning boshqa bir figuranti – tadbirkor Artur Maksidov hibsga olingan.
Rossiyaning 100 nafar eng boy odamlari ro‘yxatiga kiruvchi, “Summa” guruhi egasi Ziyovudin Magomedov 30 mart kuni so‘roqdan keyin hibsga olingan. 31 martda sudda u 2,5 mlrd rubl o‘margan jinoiy guruhni tashkil etishda gumon qilinayotgani ma'lum bo‘lgan.
Taxmin qilinishicha, ushbu jinoiy ish epizodlaridan biri Kaliningradda “Arena Baltika” stadioni qurilishida amalga oshirilgan talon-tarojliklar bilan bog‘langan.
Magomedov himoyasi tergov Magomedovga “Summa” guruhi rahbari bo‘lgani uchungina ayblov qo‘yayotganni aytgan. Bu guruhga esa jinoiy ishga aralashgan kompaniyalar kiradi.