18:03 / 02.04.2018
11098

Qozog‘iston televideniyesida O‘zbekistonda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish haqida

O‘zbekiston sarmoyachilarni qanday jalb qilmoqda, ichki va xalqaro turizmni qanday rivojlantirmoqda - Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov shu va boshqa ko‘plab masalalar haqida Qozog‘istonda efirga uzatiluvchi "Biznes i zakon" ko‘rsatuvida so‘z yuritdi.

"O‘zbek xalqi Shavkat Mirziyoyevni prezident etib saylaganidan keyin davlat rahbari tomonidan turizmni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu juda asosli va tabiiy holat. O‘zbekiston turizmni rivojlantirish uchun ulkan resurslarga ega. Bunday salohiyatdan foydalanmaslikni kechirib bo‘lmaydi", - deya so‘z boshladi Qo‘mita raisi.

Aziz Abduhakimov shu kunga qadar turizmga doir normativ-huquqiy asoslar deyarli to‘liq qayta ko‘rib chiqilgani, xususan, viza rejimini soddalashtirishga doir muhim qarorlar qabul qilinganini ta'kidladi. Turistik sohada samarali faoliyat yuritish uchun tadbirkorlarga katta imkoniyatlar va imtiyozlar yaratilganini qayd etdi. Mehmonxonalar qurish, avtotransport vositalarini qo‘lga kiritishga doir imtiyozlar, maxsus kredit liniyalari va boshqalar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, turizm rivoji yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etilganiga to‘xtalib o‘tdi. Masalan, rent-car'lar xizmati yo‘lga qo‘yilishidagi to‘siqlar, chet elliklar tomonidan turistik SIM-kartalarning olinishi va boshqa qator mayda to‘siqlar mamlakat turizmi rivoji uchun to‘sqinlik qilayotgan edi. Davlat rahbarining qarorlari bilan ularning bari olib tashlandi.

"Ta'kidlash joizki, bu chora-tadbirlar bugunga kelib o‘zining aniq natijasini bermoqda. O‘zbekistonning yetti mamlakat bilan vizasiz rejimni yo‘lga qo‘yishi hozirning o‘zidayoq o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Fevral oyi holatiga ko‘ra, sayyohlar oqimi 5,7 baravarga ko‘paygan. Mart oyining ilk olti kunida esa o‘sish ko‘rsatkichi 50 baravardan ortiqni tashkil qilmoqda. Mart oyining o‘rtalarida boshlanadigan HiSeason mavsumi uchun bugunning o‘zida deyarli barcha mehmonxonalar band qilingan.

Bugun biz O‘zbekistonda boshqa bir muammo - turistik infratuzilma yetishmovchiligiga duch keldik. Davlat rahbari tomonidan yangi mehmonxonalarni qurishga doir katta vazifa qo‘yilgan. Bugungi kunda biz ko‘proq sayyohlar uchun 3 va 3+ yulduzli mehmonxonalarni qurish ustida ishlamoqdamiz.

Bundan tashqari, biz O‘zbekistonga kelish imkoniyatlarini soddalashtiryapmiz. Joriy yilning 1 iyulidan O‘zbekistonda elektron viza xizmati yo‘lga qo‘yiladi. 1 maydan e'tiboran tranzit yo‘lovchilarga vizasiz uch kun (72 soat) davomida O‘zbekistonda mehmon bo‘lish imkonini yaratamiz, ya'ni tranzit viza joriy qilinadi. Aeroportlarimizda ilg‘or xalqaro aeroportlardagi kabi 8 soatgacha shaharga chiqish, diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish, tamaddi qilish imkoni yo‘lga qo‘yiladi. Bu ham turizmni rivojlantirish yo‘llaridan biri", - deydi Abduhakimov.

Foto: Videodan kadr /Aziz Abduhakimov

Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bugunga kelib, turizm iqtisodiyotning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirilayotganini qayd etdi. "Bu yo‘lda biz faqat kirish turizmi bilan cheklanib qolmay, ichki turizmni rivojlantirish yo‘lida ham faol ishlar olib bormoqdamiz. Bu bizning oldimizda turgan eng katta vazifalardan biridir", - deydi u.

Xususan, prezident qarorlari bilan ishchilarning O‘zbekiston bo‘ylab jamoaviy harakat qilishini tashkil qilgan tashkilotlar uchun qator imtiyozlar yaratilgani ta'kidlandi. "Bizda "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" nomli butun bir dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, litsenziyalangan turistik kompaniyalar yordamida xodimlari sayohatini tashkil qilgan tashkilotlar uchun sarf qilingan pullar ularning daromad solig‘idan olib tashlanadi. O‘z xodimlari sayohatining 50 foizi yoki muayyan qismini to‘lashga yordam ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar esa soliq bazasidan shu summani olib tashlash imkoniga ega bo‘ladi. Demak, bu ham turizm rivoji uchun ishlaydi.

O‘zbekistonda "Golden Week" ("Oltin hafta") haftaligi joriy qilindi. O‘zbekiston fuqarolari yilda uch marta - Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlarida besh kun ketma-ket dam olish imkoniga ega bo‘lishadi. Bu odamlarning uyda o‘tirishi uchun emas, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishi uchun qilingan ish. Bu esa iqtisodiyotni rivojlantirishga, turli xizmatlarga bo‘lgan talablarni oshirishga, transport kompaniyalar, mehmonxonalar va restoranlarning rivojlanishiga, yangi ishchi o‘rinlarni yaratishga turtki beradi", - deya ta'kidlaydi Aziz Abduqahhorovich.

Turizm - O‘zbekistonda tezkorlik bilan rivojlanayotgan iqtisodyot yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, bu borada mahalliy sarmoyadorlarni jarayonga jalb qilish bo‘yicha qator ishlab olib borilayotgani aytib o‘tildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ham ochiq ekani alohida ta'kidlandi.

"Biz barcha xorijiy investorlarni O‘zbekistonga sarmoya kiritishga chaqiramiz. Bu yo‘nalishda ularga katta imtiyozlar ham yaratilgan. Xususan, agar siz mehmonxona, mavzuiy park qurayotgan bo‘lsangiz, sizni turli bojxona to‘lovlaridan ozod qilishadi. Shuningdek mehmonxona qurayotgan sarmoyador 10 yilgacha soliqlardan ozod bo‘ladi. Qurilish vaqtida u bizning qurilish materiallarimizga buyurtmalar beradi va bu ham iqtisodiyot rivoji uchun xizmat qiladi. Mehmonxona qurilishi yakunlangandan keyin esa u qo‘shimcha ishchilar yollaydi, ular o‘z o‘rnida maosh olib, daromad solig‘i to‘laydigan bo‘lishadi. Bularning bari yaratilgan imtiyozlar natijasidagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplaydi", - deydi Qo‘mita raisi.

Bundan tashqari, infratuzilma rivoji yo‘lida qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. "Masalan, asosiy muammolardan biri sanitariya-gigiyena tarmoqlarining qoniqarsiz holati edi. Bu umuman qator qo‘shni davlatlarga xos jihat, buni yashirishga hojat ham yo‘q. Biz Xitoy misolida O‘zbekistonda o‘ziga xos "hojatxona inqilobi"ni boshladik. Ikki yilda barcha sanitariya-gigiyena tarmoqlarimizni tartibga keltirishimiz kerak. Barcha standartlarga javob beruvchi sanitariya-gigiyena tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar qator imtiyozlarga ega", - dedi A.A.Abduhakimov.

"Yana bir e'tiborga molik yo‘nalish - turli smart-texnologiyalar rivoji, - deya davom etadi u. - O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani munosabati bilan ekvayring bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Barcha turistik infratuzilmalar o‘z saytiga ega bo‘lib, unga ekvaring, elektron to‘lovlar joriy qilsa, bu xarajatlarning bari soliq bazasidan olib tashlanadi.

Shuningdek diqqatga sazovor joylarda sayyohlar uchun bepul internet taqdim etish ustida ish olib boryapmiz. Xo‘jalik sub'yektlari ruterlar, internet-trafik sotib olsa, bu xarajatlar summasi soliq bazasidan olib tashlanadi. Shu tariqa sayyohlarga bepul internet xizmati taqdim etiladi. Ommaviy Wi-Fi zonalarini tashkil qiluvchi kompaniyalarga 18 kvadrat metr maydonda o‘z reklamasini joylashtirish imkoni beriladi. Biz Buxoroda shu yo‘nalishda tajribani yo‘lga qo‘ydik va endilikda uni butun mamlakat bo‘ylab tatbiq qilmoqdamiz. Ko‘p kompaniyalar bunday taklifga qiziqish bildirishdi, chunki ular kontentdan, reklamadan pul topishadi. Bularning bari davlat-xususiy tashkilotlar hamkorligi natijasida amalga oshayotgan ishlardir.

Shu fursatdan foydalanib, O‘zbekistonda turizm sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shish, sarmoya kiritish istagida bo‘lgan qozog‘istonlik ishbilarmonlarni ham hamkorlikka taklif etamiz, qo‘mita bu yo‘nalishda ular bilan muloqotga chiqishga, kerakli tanishtiruv ishlarini amalga oshirishga ochiq", - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikka katta e'tibor qaratayotganini ta'kidladi. "So‘nggi uch kun davomida Ostonada bo‘lib, qozog‘istonlik hamkasblarimiz bilan tashqi bozorda ko‘plab turistik mahsulotlarni birgalikda targ‘ib qilishga kelishib oldik. Ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasidagi sayohatlar sonini ham oshirish rejalashtirilgan. Shu yo‘lda ko‘rilgan choralardan biri Qozog‘istonda O‘zbekistonga sayohat qilishga chorlovchi va O‘zbekistonda Qozog‘istonga sayohatga chorlovchi bannerlarning o‘rnatilishidir. Bundan tashqari, ikki mamlakatning imidjini shakllantiruvchi videorliklarni taqdim etish uchun o‘zaro efir vaqtlarini almashishga ham kelishib olindi. Millionlab tomoshabinlar ularni ko‘rib, shu mamlakatlarga sayohat qilishga qiziqadi.

Shuningdek, ziyorat turizmi ham katta salohiyatga ega. Bu ham bizning mamlakatlarimiz uchun qiziqarli yo‘nalish. O‘zbekistonda qozog‘istonlik arboblarning, Qozog‘istonda esa o‘zbekistonlik arboblarning muqaddas qadamjolari bor. Biz hozirda qo‘shma turlarni yo‘lga qo‘yish borasida juda faol ish olib boryapmiz. Dastlabki turlardan biri - bu o‘ziga xos uchburchak bo‘lib, Turkistondagi Hoja Ahmad Yassaviy maqbarasi - Qo‘ng‘irotdagi Hakim ota maqbarasi (Hakim ota Yassaviyning shogirdi bo‘lgan) - Toshkent viloyatidagi Zangi ota maqbarasi (Zangi ota Hakim otaning o‘quvchisi bo‘lgan). Bu ikki mamlakat aholisi uchun ham juda qiziq tur bo‘lar edi.

Foto: Hoja Ahmad Yassaviy maqbarasi

Bundan tashqari, bizda turli shifobaxsh suvlar bor. Masalan, Surxondaryoda Omonxona suvi bor. Ichki organlarni yuvishga ehtiyoji bo‘lgan kishilar o‘sha yerga borib, shifobaxsh suv yordamida davolanishlari mumkin. Shu bilan birga, Qozog‘istonda ham tibbiyot turizmini rivojlantirishga arzirli yerlar bor", - deydi Abduhakimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda tashkil qilingan turistik forumda O‘zbekistonning 30 dan ortiq va Qozog‘istonning 50 dan ortiq turistik operatorlari qatnashishdi. Ular hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar izlashmoqda va sayyohlar oqimini oshirishga doir muayyan kelishuvlarga erishishmoqda hamda uchinchi mamlakatlar sayyohlarini jalb qilish ustida ham ishlashmoqda. O‘zbekiston va Qozog‘istonda mavjud imkoniyatlardan faol foydalanish bizga iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ishchi o‘rinlarni tashkil qilish va aholi uchun qo‘shimcha daromad topish imkonini beradi. "Turizmni rivojlantirish masalasi ham davlat, ham hukumat darajasida bo‘lib, biz Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanib, keyingi faoliyatimiz uchun to‘g‘ri yo‘nalishlar olyapmiz. Biror bir muammo yuzaga kelgan taqdirda, ular eng yuqori darajada o‘z yechimini topmoqda. Biz Qozog‘istonda ham bu masalaga shunday e'tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Biznes tilida aytganda, Markaziy Osiyo turizm yo‘nalishida "yetarlicha baholanmagan aktiv" bo‘lib qolgandi. Hozir esa ana shu kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Chegaralar ochilmoqda, bu ham rivojlanish uchun katta imkoniyatlarga eshik ochadi. Yangi transport koridorlari tashkil etilmoqda - bu ham aviaqatnovlar, temir yo‘l qatnovlari va avtobus qatnovlaridir. Bular ham mamlakatlarimizda turizmni rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi", deya xulosa qiladi Aziz Abduhakimov.

Top