O‘zbekiston | 23:14 / 05.04.2018
77069
3 daqiqa o‘qiladi

12 yilga «​kesilgan»​ hokim oqlandi

Foto: O‘zLiDeP

«XXI asr» gazetasida chop etilgan «O‘n yilga cho‘zilgan oqlov yoxud Nurulla Qayumov boshidan kechgan ajib savdolar xususida» sarlavhali maqolada nohaq qamalgan hokimning hayoti haqida so‘z boradi. Ayni paytda Nurulla Qayumov ozodlikka chiqarilgan.

Maqolada qayd etilishicha, 2004-2007 yillar Chiroqchi tuman hokimi bo‘lib ishlagan N.Qayumov Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudining 2008 yil 29 fevraldagi hukmi bilan 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Gazeta sobiq hokimga qo‘yilgan ayblovlar uydirma va soxta ekanini iddao qiladi. Tergovda hokimni ko‘chatlarni o‘z vaqtida sug‘ormagani, Prezident qarori bilan nogironlar internatiga sovg‘a qilingan «Damas» avtomashinasidan ham xato topilib «delo»ga tikilgani e'tirof etiladi.

Maqolada «stolbani qamashga asos topgan» idoralar ana shu tariqa hokimga ayb taqqani, hokimga qarshi soxta jabrlanuvchi yasalgani ta'kidlanadi. Shuningdek, nohaq qamalgan N.Qayumov tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytda onasidan ajrab qolgani va o‘z onasining marakasiga bora olmagani, nohaq qamalganidan so‘ng bir akasining infarktga chalingani, bir akasi esa vafot etgani haqida so‘z boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 21 oktabridagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolaganidan so‘ng, N.Qayumovning ozodlikka chiqarilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya sudlov hay'atining 2017 yil 23 noyabrdagi ajrimi bilan u barcha ayb epizodlari bo‘yicha aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilish yo‘li bilan oqlangani e'tirof etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 310-moddasida qayd etilganidek, «qonunga xilof ravishda hukm qilingani, qonunga xilof ravishda tibbiy muassasaga joylashtirilgani, ehtiyot chorasi tariqasida qonunga xilof ravishda qamoqqa olingani yoki uy qamog‘iga joylashtirilgani, qonunga xilof ravishda ushlab turilgani tufayli ishdan (lavozimidan) ozod qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi munosabati bilan lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgan shaxs oldin ishlagan ishiga (lavozimiga) tiklanishi lozim».

Mavzuga oid