23:28 / 06.04.2018
22811

Xitoy rasmiylari AQShga: "Hech qanday ikkilanishsiz zarbaga zarba bilan javob beramiz"

Foto: Reuters

Amerika tomonning savdo sohasidagi so‘nggi bayonotlari Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirmoqda, bunday sharoitlarda ikki tomonlama muzokaralarni olib borishning iloji yo‘q, dedi Xitoy Tijorat vazirligi vakili Gao Fen juma kuni.

"Xitoy tomon, AQShning ba'zi rasmiylari shunday fikr (Pekin va Vashington o‘rtasida savdo-sotiq muammolari bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani) bildirganini ta'kidlagandi, biroq bu haqiqatdan yiroq. So‘nggi vaqtlarda ikki mamlakat moliya sohasi rasmiy vakillari o‘rtasida savdo-sotiq masalalari bo‘yicha hech qanday muzokaralar o‘tkazilmagan", - dedi Gao Fen matbuot anjumanida. 

"AQSh Xitoy tovarlariga to‘lovlarni 100 milliard dollarga oshirishni taklif qildi, Xitoy undan-da keskin javob qaytardi. Ikki tomonda bunday vaziyat kuzatilayotgan bir vaqtda mazkur masala yuzasidan qandaydir muzokaralar olib borish mutlaqo imkonsiz bo‘lib qolmoqda", - dedi Gao Fen. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh vaziyatni noto‘g‘ri baholagan va xato qaror qabul qilgan. Qo‘shimcha to‘lovlar Xitoyning 1,3 ming turdagi mahsulotiga nisbatan joriy qilingan. 

Bunga javoban Xitoy Davlat kengashi AQShdan import qilinuvchi 106 turdagi tovar uchun 25 foiz qo‘shimcha to‘lov kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mahsulotlar orasida samolyotlar, avtomobillar, kimyoviy mahsulotlar va boshqalar bor, 2017 yilda AQShdan shu mahsulotlar importi 50 milliard dollarni tashkil qildi. E'lon qilingan choralarning kuchga kirishi AQShning so‘nggi qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. 

"Agar AQSh Xitoy tovarlariga to‘lovni 100 milliard dollarga oshirishini nazarda tutuvchi yangi ro‘yxatni taqdim etsa, XXR tomon bunga tayyor, biz hech qanday ikkilanishsiz zarbaga zarba bilan javob beramiz", - dedi Gao Fan. 

Bundan avval AQSh Xitoy mahsulotlariga nisbatan to‘lovlarni 50 milliard dollarga oshirish haqida qaror qabul qilgan edi. Bunga Xitoy tomonning Amerika mahsulotlariga intellektual huquqni buzishi sabab qilib keltirilgan. 

 

Mavzuga oid
Top