O‘zbekiston | 15:36 / 06.04.2018
11623
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyati hokimi Amir Temur tavalludini nishonlash bo‘yicha o‘z tavsiyasini berdi

Ayni kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab Sohibqiron Amir Temur tavalludi sanasiga bag‘ishlangan turli tadbirlar, obodonchilik va ushbu kun tantanasi bilan bog‘liq boshqa ishlar olib borilmoqda. O‘zbek millati uchun Amir Temur siymosi yuksak siyratga ega ekanligi sir emas. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ajdodlarimiz hayotini va ijodini o‘rganishda o‘zgacha yondashish kerakligi haqidagi tavsiyasi bugun amalda o‘z ifodasini topmoqda. Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmatining KUN.UZ'ga bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Sohibqiron tavalludini yangicha ruhda, yangicha yondashuv asosida nishonlash bo‘yicha turli chora-tadbirlar olib bormoqda. Viloyat hokimi bu borada fikr bildirar ekan, jumladan, shunday dedi: 

- Amir Temur tavallud kunini Qashqadaryo viloyatidagi har bir xonadon, har bir oila nishonlasa, o‘sib kelayotgan avlodga katta ibrat bo‘ladi. Chunki bu farzandlarimizga qanday buyuk zotlarning avlodlari ekanimizni eslatib, munosib vorislar bo‘lib yetishishga undaydi. Amir Temur hayoti va faoliyati, qoldirgan merosi milliy o‘zligimizni anglashda milliy g‘ururimizni shakllantirishda, xalqimizning jipsligini ta'minlashda,  har bir ishda adolatli bo‘lishda ahamiyati hech qachon pasaymaydigan maktabdir.

Biz, qashqadaryoliklar, xalqimizga namuna ko‘rsatib Amir Temur tavallud kunini haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, konferensiyalar o‘tkazishdan tashqari, har bir oilada nishonlasak nomini, qilgan ishlarini, “Tuzuklari”ni eslasak milliy ongimiz o‘sishiga, jipsligimiz mustahkamlanishiga sezilarli hissa qo‘shgan bo‘lar edik.

Men viloyatimiz ahliga, jamoatchiligiga ulug‘ bobomiz xotirini har yili 9 aprelda xonadonlarda  nishonlashni tavsiya etaman. Bu oddiy Qur'on tilovati va duo bo‘ladimi yoki Temur “Tuzuklari”ni oilaviy mutolaa qilish bo‘ladimi yoki Temurga bag‘ishlangan biror adabiy, ilmiy-ommabop  kitob muhokamasi bo‘ladimi, farqi yo‘q. Asosiysi, Temur xotirasi, merosi va ruhi farzandlarimiz ongi va qalbidan joy olsin.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid