Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Derbilar haftasi. Yevropada tur o‘yinlari anonsi
Yevropa milliy chempionatlari yakuniy pallasiga kirib bormoqda. Xususan, Angliyada va Germaniyada ertagayoq chempion nomini rasman bilib olishimiz mumkin. Shuningdek, bu hafta Liverpul, Manchester, Madrid derbilari kabi bir qator qiziqarli to‘qnashuvlar bilan ham qiziq.
EVeRTON - LIVeRPUL (7 aprel, 16:30)
Kuni kecha mavsumdagi o‘zining eng yaxshi o‘yinini o‘tkazgan «Liverpul» endi Angliya Premer-Ligasidagi vazifalariga kirishadi. To‘g‘ri, o‘tgan turda «Tottenhem»ning «Chelsi» ustidan g‘alabasi Top-4 ni shakllantirdi, endilikda Klopp shogirdlari «Chelsi»dan 11 ochko (bir o‘yin ko‘p o‘tkazib) oldinda borishmoqda. Shunday bo‘lsa-da, imkon qadar 2-o‘rinni qo‘lga kiritishga urinish, bundan tashqari, raqib ham oddiy emas, Liverpul derbisi kutib turibdi.
«Everton»ning qo‘shnilarini yutganiga ancha bo‘ldi, «ko‘klar» oxirgi marta 2010 yilning oktabrida g‘alaba qozongandi. Ammo bu holat derbining bir tomonlama o‘tishini bildirmaydi, zero, ayniqsa, «Gudison Park»da o‘tadigan o‘yinlarda doim «Liverpul»ga qiyin bo‘lgan. Jumladan, bu stadiondagi oxirgi besh o‘yindan to‘rttasida durang qayd etilgan. Shuningdek, ushbu mavsumdagi ilk o‘yin ham 1:1 hisobida tugagani esingizda bo‘lsa kerak. So‘nggi daqiqalardagi penalti «Everton»ga bir ochko olib kelgandi.
YeChLdagi yirik g‘alaba «Liverpul»ning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini oshirgan bo‘lsa-da, hammasi hal bo‘lmagan, shuning uchun Klopp aqlining bir chekkasida kelasi haftadagi o‘yinni olib qo‘ysa ajabmas. Ammo busiz ham jamoa tarkibida muammolar ko‘p: Adam Lallana va Emre Jan jarohat olgan, Joel Matip umuman mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Yana bir markaziy himoyachi Ragnar Klavan ham maydonga tusha olmaydi. Ya'ni shundoq ham Kloppda yetarlicha rotatsiya qilish imkoni yo‘q. Eng yomoni, jamoa yetakchisi Muhammad Saloh ham YeChL o‘yinida jarohat oldi va qachon safga qaytishi hali noma'lum.
O‘z navbatida, «Everton»da ham hammasi joyida emas. Makkarti, Mangalya va Sigurdssonlar uzoq muddat jamoaga yordam bera olmaydi. Faqat Idris Guyyening bu o‘yinga qaytib qolishidan umid bor xolos. «Everton»ning turnir jadvalidagi holati va «Liverpul»ning YeChLda o‘yini borligi bu uchrashuvning biroz xotirjam ruhda o‘tishini dalolat qilsa-da, derbi baribir derbi, muxlislarning suyuklilarini olg‘a boshlashlaridan umidimiz bor.
AUSBURG - BAVARIYa (7 aprel, 18:30)
Ataylab erta qo‘yishganini qarang, go‘yoki Bundesliganing eng odatiy uchrashuvlaridan biri, lekin bu o‘yindagi g‘alaba myunxenliklarni rasman chempionga aylantiradi. Ya'ni Manchester derbisi biroz kech bo‘lishini e'tiborga olsak, Yevropadagi ilk chempion nomini bilib olishimiz mumkin.
Bunga «Ausburg» ham uncha qarshi bo‘lmasa kerak. Turnir jadvalining o‘rtasidan ishonchli joy olgan mezbonlar «Bavariya»ga qarshi so‘nggi 16 o‘yinning atigi 2 tasida g‘alaba qozonishgan xolos. Birinchi davrada Myunxenda bo‘lgan o‘yinda mezbonlar 3:0 hisobida ustun kelgandilar. Bu stadionda o‘tgan oxirgi ikki o‘yin ham «Bavariya» foydasiga, bir xil 3:1 hisobida yakunlangan.
MANCheSTeR SITI - MANCheSTeR YuNAYTeD (7 aprel, 21:30)
Shaharning «havorang» qismi bu o‘yinni intizorlik bilan kutgani shubhasiz. Gvardiola shogirdlari aynan mana shu o‘yinda chempionlikni rasmiylashtirishlari mumkin, buning ustiga raqib ashaddiy «dushmaning» bo‘lsa, ehtiroslar ikki barobar oshib ketadi.
Ammo afsuski, shu kunlarda ehtirosga o‘rin yo‘q, katta ehtimol bilan «Siti» muxlislari «Liverpul»ga qarshi javob o‘yin o‘tib, hammasi bir yoqlik bo‘lmaguncha ichlariga chiroq yonsa yorishmaydi. «Chempionlik bahsi» aynan mana shunday og‘ir kunga to‘g‘ri kelgani ham taqdir hazili bo‘lsa kerak. Axir Liverpulda ko‘ngildagi hisobni qayd etib, minglab muxlislar qarshisida APL chempionligini nishonlashning gashti boshqacha bo‘lardi-da...
Shusiz ham, Gvardiolaning bu o‘yinga biroz panja ortidan qarayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bu o‘yin bo‘lmasa, yutib chempion bo‘lish mumkin yana 6 o‘yin kutib turganda, murabbiyning asosiy fikri «Liverpul» bilan band bo‘lishi tabiiy edi. Shuning uchun ham bir qator yetakchi futbolchilarga dam berilishi taxmin qilinmoqda. Aslida, «Siti»dan so‘rasangiz, shu tobda hech qanday o‘yin o‘tkazilmay turgani ham yaxshi edi.
Bu holat Joze Mourino va jamoasi uchun ayni muddao. 2-o‘rin uchun kurashayotgan «iblislar» portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida «Manchester Siti»ni faqat bir marta yutishgan, u ham bo‘lsa, Angliya Liga kubogi bahsida edi. O‘shanda ham raqib deyarli ikkinchi tarkibni tushirgan. O‘tgan yilning oktabrida bo‘lib o‘tgan o‘yinning esga kelganiga yana bir sabab, o‘shanda «Siti» futbolchilari raqib darvozasiga biror marta ham aniq zarba bera olmagan ekan. Oradan shuncha vaqt o‘tib, «Liverpul»ga qarshi o‘yinda mana shu antirekord takrorlandi.
Mezbonlar tarkibida Serxio Aguero tiklanib safga qaytish arafasida. Ammo katta ehtimol bilan Pep Gvardiola uni maydonga tushirmasa kerak. «Yunayted» safida esa hali ham Fil Jonsdan darak yo‘q, Deyli Blind mashg‘ulotlarga kirishgani aytilmoqda.
Aytgancha, agar bu o‘yinda «Manchester Siti» g‘alaba qozonsa, ya'ni chempion bo‘lsa, Angliya Premer Ligasi tarixida eng erta (7 aprel) chempion bo‘lgan jamoa sifatida rekord qo‘yadi. Bungacha, eng erta 14 aprelda chempionlik masalasi hal bo‘lgandi. Qizig‘i, eng kech chempion bo‘lish rekordini hech kim «Manchester Siti»dan tortib ololmasa kerak. 2011/12 mavsumning so‘nggi turida o‘yin tugashiga 40 sekund qolganda kiritilgan gol «shaharliklar»ni chempionga aylantirgandi.
ReAL - ATLeTIKO (8 aprel, 19:15)
So‘nggi 12 o‘yinning 11 tasini g‘alaba bilan yakunlagan «Real» «Atletiko»ga ancha yaqinlashib oldi va bu o‘yindagi g‘alaba o‘rtadagi farqni minimal darajaga tushiradi. Hozir butun xayoli qatorasiga uchinchi marta Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish bo‘lgan Zidan shogirdlari javob o‘yini oldidan juda qulay hisobga ega bo‘lishdi, demak bor kuch bilan Madrid derbisida g‘alaba qozonishga urinilsa bo‘ladi.
Ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yinlar statistikasi so‘nggi yillarda deyarli teng bo‘lib qoldi. Oxirgi 10 o‘yinda tomonlar ikki martadan g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, olti o‘yin durang bilan yakunlandi. Jumladan birinchi davrada «Visente Kalderon»dan bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham hisob ochilmagandi.
Mezbonlar tarkibida faqat Nacho jarohatlangan bo‘lsa, Simeone birato‘la uch asosiy himoyachisini tushira olmaydi. Xose Ximenes, Xuanfran va Filipe Luislar so‘nggi o‘yinlarni o‘tkazib yuborishdi. Ular ichida faqat Filipe Luis maydonga qaytishi mumkin.
AYNTRAXT - HOFFeNHAYM (8 aprel, 21:00)
Shu paytgacha Bundesligada YeChL yo‘llanmasini beruvchi 4 o‘rin uchun olti jamoa da'vogarlik qilib kelayotganini aytib kelayotgandik. O‘sha yetakchilarning beqaror o‘yinlari (masalan, «Ayntraxt» so‘nggi besh o‘yinning uchtasida yutqazdi) va «Hoffenhaym» natijalaridagi o‘sish (so‘nggi 4 o‘yinda 3 g‘alaba, to‘plar nisbati 14-3) oqibatida bunday jamoalar 7 taga yetdi. Ya'ni, endilikda 7-o‘rindagi «Hoffenhaym»ni kuchli to‘rtlikdan atigi 4 ochko ajratib turibdi xolos.
Bu o‘yindagi g‘alaba bilan mehmonlar «Ayntraxt»ga yetvolishlari mumkin, aksincha, agar mezbonlar yutishsa, «Hoffenhaym»ning YeChL umidi butkul so‘nsa kerak. Shu tomondan bu uchrashuvni 6 ochkolik bahs deb bemalol ta'riflay olamiz.
Har ikki jamoa ham muhim o‘yin oldidan juda og‘ir holatda, jarohatlanganlar ko‘p. Mezbonlar tarkibida Rebich, Selsedo, Boateng, Russ kabi asosiy tarkib o‘yinchilari maydonga tusha olishmaydi. Raqib jamoa tarkibida esa, Hyubner, Demirbay va Gnabri yo‘q.
Birinchi davradagi o‘yinda Kevin-Prints Boatengning birinchi taymda urgan goliga uchrashuvning so‘nggi daqiqasida Mark Ut javob bergandi va o‘yin 1:1 hisobida yakunlangandi.
LeYPTsIG - BAYYeR (9 aprel, 23:30)
O‘sha «Bavariya»ning ortidan borayotgan va YeChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan beshlikdan yana ikkitasi bu turda to‘qnash keladi. «RB Leyptsig» 28 o‘yindan 46 ochko bilan 4-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Bayyer» hisobida shunda o‘yindan 45 ochko bor. Bu o‘yin g‘olibi tur oxirida kuchli to‘rtlikdan o‘rin egallaydi.
O‘yin Bundesliga uchun noodatiy bo‘lgan dushanba kuni bo‘lib o‘tadi. Sababi, «RB Leyptsig» Yevropa Ligasidagi kurashni davom ettirmoqda va kecha o‘z maydonida Fransiyaning «Marsel» klubini qabul qildi. Demak, bu borada mehmonlarning biroz ustunligi bor, sababi, «Leyptsig» uch kun ichida yetarlicha tiklanib ulgurmasligi mumkin.
Tarkiblarga kelsak, liverkuzenliklarning yo‘qotishlari kattaroq: Lars Bender va Jonatan Ta hali to‘liq tiklanib ulgurishgani yo‘q. Shuningdek, so‘nggi turlarda ancha samarali o‘ynashni boshlagan argentinalik hujumchi Lukas Alario o‘tgan o‘yinda hakam tomonidan maydondan chetlatilgan, diskvalifikatsiya tufayli u bu o‘yinda maydonga tusha olmaydi.
Tomonlar atigi uch marta o‘zaro to‘qnash kelishgan va hali biror marta «Bayyer» g‘alaba qozongani yo‘q. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda «Leyptsig»ning qo‘li baland kelgan, birinchi davradagi o‘yin esa, jangovor durang – 2:2 hisobida tugagan.
BOShQA O‘YINLAR:
7 aprel: Benevento - YuVeNTUS (18:00), Stok Siti - TOTTeNHEM (19:00), BARSeLONA - Leganes (23:45)
8 aprel: Torino - INTeR (15:30), NAPOLI - Kevo (18:00), ARSeNAL - Sauthempton (18:15), CheLSI - Vest Hem (20:30), MILAN - Sassuolo (23:45).
Qahramon Aslanov tayyorladi