19:41 / 06.04.2018
61083

“Kinder” ichidan syurpriz chiqdi

Yaqinda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan viloyat DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Urganch shahri hududida giyohvandlik moddalarini noqonuniy harakati hamda noqonuniy ravishda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Nazorat ostida olish” tezkor tadbiri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Tezkor tadbir davomida 1993 yilda tug‘ilgan, Urganch shahrida yashovchi Kamalov Otabek (ism-shariflar o‘zgartirilgan) “Urganch avtomobil yo‘llari” kasb-hunar kolleji oldidagi yo‘l bo‘yida o‘zi boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasida tadbirga “shartli xaridor” sifatida jalb qilingan fuqaroga gugurt qutisida 4 dona oq rangli qog‘oz parchasiga o‘ralgan o‘ziga xos o‘tkir hidli, oq-sarg‘imtir rangli “geroin” giyohvandlik moddasini jami bir million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng, O.Kamalov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport  vositasi xizmat iti yordamida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasi salonidan qayta sotish maqsadida saqlab qo‘yilgan bir dona sariq rangli “kinder” o‘yinchog‘i qutichasi ichiga joylangan 6 dona oq rangli qog‘oz parchasiga o‘ralgan “geroin” giyohvandlik moddasi va avtotransport vositasining kuldoni ichidan 1 dona oq rangli qog‘oz parchasiga o‘ralgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Xorazm viloyat IIB ekspertlari xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil tariqasida olingan vositalar “geroin” va “marixuana” giyohvandlik moddalari ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Xorazm  viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top