Jamiyat | 03:15 / 06.04.2018
18494
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda diniy ekstremizmga oid jinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan aka-uka oilasi bag‘riga qaytdi

Samarqand viloyat IIB Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda adashib diniy ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib, hozirda qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashiringan manzillarini aniqlash, ularni terrorchilik-qo‘poruvchilik harakatlar olib borilayotgan Suriya, Iroq va Afg‘oniston kabi davlatlarga o‘tib, xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilib ketishini oldini olish hamda yashash manzillariga qaytarish borasida yaqin qarindoshlari bilan olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot va tashviqot tadbirlari davomida, bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz’ga viloyat IIB matbuot xizmati.

Diniy ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha yillardan beri qidiruvda bo‘lgan, Urgut tumani Toshariq qishlog‘ida istiqomat qilgan aka-uka — Asliddin va Xurshid Ergashevlar 26 mart kuni yashash manzillariga qaytib kelib, sodir etgan qilmishlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon ekanliklarini bildirishganligini inobatga olib, tergov organlari ularga nisbatan qo‘llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasini o‘zgartirib, ular oilasi bag‘riga qaytarildi.

«Men ukam Xurshid bilan birgalikda sof Islom dini mohiyatini tushunmasdan, adashib, diniy ekstremistik oqim g‘oyalari ta'siriga tushib qolgan edik, — deydi Asliddin Ergashev. — 2015 yilda bizning jinoiy faoliyatimiz fosh bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi ochilib, ayrim jinoiy sheriklarimiz ushlanib, ozodlikdan mahrum etildi. Shundan so‘ng men ukam Xurshid Ergashev bilan birga tergov va suddan qochib, yashirinib yurgan edik. Keyinchalik biz qilgan ishlarimiz noto‘g‘ri ekanligini, sodir qilgan qilmishimizdan o‘zimiz ham, oila a'zolarimiz ham jabr ko‘rishayotganligini tushunib yetdik».

«Adashib diniy ekstremistik oqimlar ta'siriga tushgan fuqarolarga Prezidentimiz tomonidan imkoniyatlar yaratilayotganligi, biz kabi sodir etgan qilmishlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganlarni afv etish borasida keng ko‘lamdagi amaliy ishlar olib borilayotganligini eshitib, ukam bilan birga yashash manzilimizga qaytib keldik va sodir etgan barcha jinoiy qilmishlarimizni tan olib,  pushaymon ekanligimizni bildirdik», — deya qo‘shimcha qildi A.Ergashev.

Tergov va sud organlari ularning pushaymon ekanligini, to‘g‘ri yo‘lga kirishganligini inobatga olib, ularga nisbatan qo‘llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasini o‘zgartirib, ular oilasi bag‘riga qaytishdi. Hozirgi vaqtda o‘z uyida dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelishmoqda.

«Meni eshitayotgan men kabi adashib qolganlarga va ularning oila a'zolariga murojaat qilib aytamanki, Vatanga qaytingizlar, Vatan va oiladan boshqa muqaddas, aziz joy yo‘q», deyishdi aka-uka Ergashevlar.

Ularning onasi shunday deydi: «Mening farzandlarim — Asliddin va Xurshid bundan bir necha yil oldin adashib, diniy ekstremistik oqim g‘oyalari ta'siriga tushib, oqim tarafdorlari safiga qo‘shilishganligi uchun ularga nisbatan qidiruv e'lon qilingan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan, huquqni muhofaza etuvchi organ xodimlarining diniy ekstremistik oqimlar ta'siriga adashib tushib qolgan fuqarolarga imkoniyatlar yaratilayotganligi to‘g‘risida tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida farzandlarim oilamiz bag‘riga qaytib keldi. Bundan behad xursandman».

Mavzuga oid