19:30 / 09.04.2018
8990

Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi vazifalari nimalardan iborat?

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan belgilab qo‘yilishicha:

a) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgarmasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan, ular bo‘yicha moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirishni ta'minlashga da'vat etilgan moliyaviy muassasa hisoblanadi;

b) quyidagilar:

davlat rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni navbatdagi oyda moliyalashtirish uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti hamda davlat maqsadli va byudjyetdan tashqari jamg‘armalarining mablag‘lari har oyda, tegishli oyning 1-sanasigacha bo‘lgan muddatda;

Jamg‘arma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan, uning valyuta mablag‘larining bo‘sh turgan qoldiqlarini joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar Jamg‘armaga o‘tkaziladi;

v) Kuzatuv kengashi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida Jamg‘armaning operatsion faoliyatini boshqarish, shu jumladan, shartnomalar (kontraktlar) tuzish, to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar Jamg‘arma Ijro etuvchi direktorining o‘rinbosari zimmasiga yuklanadi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga moliyalashtirishni nazarda tutuvchi loyihalarni ko‘rib chiqish hamda ularni davlat rivojlanish dasturlariga kiritish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;

rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti (keyingi o‘rinlarda Davlat byudjyeti deb ataladi), davlat maqsadli va byudjyetdan tashqari jamg‘armalari (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi "Toza ichimlik suv" jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi) (keyingi o‘rinlarda davlat maqsadli va byudjyetdan tashqari jamg‘armalari deb ataladi) mablag‘lari hisobiga shakllantirilgan Jamg‘arma mablag‘larini jamlash va taqsimlash;

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan loyihalarni moliyalashtirish;

investitsiya loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirishning barcha bosqichlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va investitsiyalash jarayonlariga joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, davlat maqsadli va byudjyetdan tashqari jamg‘armalari har yili avgust oyigacha rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun uch yillik davrda mablag‘lar tushishining prognoz hajmlarini Jamg‘armaga taqdim etadilar.

Jamg‘arma Ijro etuvchi direktori Jamg‘armaning tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini bir oy muddatda ta'minlaydi.

Toshkent shahri hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda - Jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasini joylashtirish uchun binolar ajratish to‘g‘risida o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasi (S.R.Xolmuradov) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda - O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Jamg‘arma Kuzatuv kengashiga kiritadi.

Top