Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OTM litseylarga asbob-uskunalar, kompyuterlar va darsliklar sotib olishda yordam beradi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligining qarori bilan Oliy ta'lim muassasalarining byudjyetdan tashqari mablag‘lari (to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushumlarning faqat to‘lov-kontrakt miqdorining oshirilgan qismi) hisobidan akademik litseylar uchun o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari sotib olish hamda akademik litseylarning o‘qituvchi va o‘quvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.
Akademik litseylarga ko‘rsatilgan maqsadlar uchun mablag‘lar faqat o‘qitishning bazaviy qiymati miqdoridan oshadigan va quyidagi xarajatlarni qoplashdan ortgan qismida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishdan tushadigan tushumlardan kelib tushgan oliy ta'lim muassasasining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratiladi:
• oliy ta'lim muassasasini saqlash va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
• ilmiy ishlarni rivojlantirish;
• professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va rag‘batlantirish;
• Prezident va Hukumatning qarorlari asosida belgilangan boshqa xarajatlar.
Litseyning keyingi yil uchun hisob-kitoblar ko‘rinishidagi ko‘rsatilgan xarajatlarga ehtiyojlari uning rahbari tomonidan kelgusi moliya yili boshlanishidan bir oy oldin biriktirilgan oliy ta'lim muassasasiga taqdim etiladi. Buyurtma tayyorlashda litseyga ko‘rsatilgan maqsadlar uchun Davlat byudjyetidan ajratilgan mablag‘lar inobatga olinadi. Buyurtma oliy ta'lim muassasasining Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. So‘ralgan va qanoatlantiriladigan mablag‘lar hajmi oliy ta'lim muassasasining kutilayotgan tushumlari va xarajatlarini hisobga olgan holda belgilanadi. Shundan keyin ushbu xarajatlar o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklidan tushgan mablag‘lar xarajatlari smetasiga kiritiladi.
Xarajatlar smetasi tasdiqlash uchun tegishli vazirlik yoki idoraga taqdim etilganda oliy ta'lim muassasasi tushumlar va xarajatlar tahlili bilan birga akademik litseyga mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi tegishli qarorini ilova qiladi. Zarur hollarda oliy ta'lim muassasasi o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining ehtiyojidan ortiqcha qismini yuqori tashkilotning roziligi bilan tasarrufidagi litseyga beg‘araz berishi mumkin.
Litseyga ajratilgan mablag‘lar buyurtmada keltirilgan maqsadlar bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar doirasida belgilangan tartibda sarflanadi. Litsey moddiy boyliklarni mustaqil ravishda sotib oladi, balansga qabul qiladi va tegishli hisobotlarda aks ettiradi.
Litseylarning o‘qituvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar ham oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan mezonlar va miqdorlarni hisobga olgan holda belgilangan tartibda sarflanadi. Pedagoglarni moddiy qo‘llab-quvvatlash 50 foizlik ustama, oylik maoshining bir baravari miqdoridagi pul mukofoti, shuningdek moddiy yordam ko‘rinishida amalga oshirilishi mumkin. Bunda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:
• ta'lim sifatini oshirish uchun innovatsion va axborot texnologiyalarini joriy etganligi;
• ta'lim berishning yangi uslub va shakllarini qo‘llashda faol ishtirok etganligi;
• xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi tanlov, fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlaganligi;
• fan va ijodiy to‘garaklarni tashkil etganligi;
• o‘quvchilarning oliy ta'lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishiga hissa qo‘shganligi;
• darsliklar, o‘quv adabiyotlari va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratishda bevosita ishtirok etganligi.
Litsey o‘quvchilarini ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish bitta o‘quvchiga EKIHning 2 baravari miqdorida, biroq bir yilda bitta o‘quvchiga EKIHning 6 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda bir yo‘la to‘lanadigan moddiy yordam ko‘rinishida amalga oshiriladi. Bunda o‘quvchining bilimi, odobi, mustaqil fikrlash qobiliyati, shuningdek moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlik darajasi mezon bo‘ladi.
Ajratilgan mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha hisobot har chorakda, chorakdan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay oliy ta'lim muassasasiga taqdim etiladi. Litsey direktori (yoki uning vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs) mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs hisoblanadi, u oliy ta'lim muassasasi Kengashi yig‘ilishida tegishli ma'lumot beradi. Litseylar uchun mablag‘lar ajratishning asoslanganligi hamda maqsadli sarflanganligi ustidan nazorat qilish oliy ta'lim muassasasi rektori (yoki uning vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs) zimmasiga yuklatiladi.
Hujjat 5.04.2018 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
18:58 / 06.05.2026
Fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi
09:54 / 14.04.2026
Yakka uy-joy va kichik binolar qurilishida xususiy nazorat joriy etiladi
18:34 / 09.04.2026
Soliq nazorati tadbiri videotasvirga olinadi
11:17 / 06.04.2026