14:40 / 12.04.2018
8562

Prezident davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi muammolarni belgilab berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng miqyosda boshlangan ishlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik).

Hozirgi vaqtda nafaqat tadbirkorlarga, balki aholiga ham eng zarur va talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatish maqsadida respublikaning har bir tuman va shaharlarini qamrab olgan Xalq qabulxonalari huzuridagi davlat xizmatlari markazlarining yagona tarmog‘i yaratildi.

Shu bilan birgalikda, amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan yutuqlarga qaramasdan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida foydalanilmagan imkoniyatlar va hal etilmagan muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan:

birinchidan, bir qator tashkilotlarda bazaviy axborot tizimlarini joriy etish masalalari va ularning idoralararo integratsiya qilinishi past darajada ekanligi davlat xizmatlarini qulay va o‘z vaqtida ko‘rsatishni ta'minlamayapti. Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar, ayniqsa, Mudofaa vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, Qurilish vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ va barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqlidir;

ikkinchidan, davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, ko‘chmas mulk obektlari va boshqa hujjatlar reyestrlari alohida qog‘oz ko‘rinishida yuritilishi, elektron arxivlarning mavjud emasligi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Bu kabi salbiy amaliyot, ayniqsa, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Davergeodezkadastr) va “O‘zarxiv” agentligiga tegishlidir;

uchinchidan, ko‘pchilik davlat xizmatlari markazlari hanuzgacha yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanmaganligi idoralararo elektron hamkorlikning zarur darajada yo‘lga qo‘yilmasligiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu jiddiy muammolarni bartaraf etish uchun Agentlik, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “O‘zbektelekom” AJ rahbarlari ta'sirchan choralar ko‘rmayapti;

to‘rtinchidan, davlat xizmatini ko‘rsatuvchi vakolatli organlar va davlat xizmatlari markazlari lozim darajada zamonaviy kompyuter texnikasi va texnik vositalar bilan jihozlanmaganligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ilg‘or va innovatsion metodlarini joriy qilishga to‘siq bo‘lmoqda;

beshinchidan, davlat xizmatlari markazlari zarur bino va xonalar bilan ta'minlamaganligi talab yuqori bo‘lgan ko‘plab xizmatlarni ko‘rsatish uchun tashrif buyuruvchilarni to‘liq va bir vaqtda qamrab olishga imkon bermaydi;

oltinchidan, ruxsat berish va litsenziyalash jarayonlaridan o‘tish hamon murakkab va ortiqcha tartibga solinganligicha qolmoqda, davlat xizmatlarini olish jarayonida ortiqcha talablar va to‘siqlarning mavjudligi shaffoflikning yo‘qolishiga, huquqni turlicha qo‘llash amaliyotiga va oqibatda suiiste'molchiliklar tez-tez sodir etilishiga va boshqa qoidabuzarliklarga olib kelmoqda;

yettinchidan, axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning bilim darajasi va malakasi pastligicha qolmoqda, ularga hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish va olishni o‘rgatish bo‘yicha tashkillashtirilgan tizim mavjud emas.

Mavzuga oid
Top