O‘zbekiston | 19:09 / 16.04.2018
5637
2 daqiqa o‘qiladi

Mintaqalarda 2019 yildan kommunal to‘lovlar bo‘yicha ma'lumotnomalarsiz notarial rasmiylashtirish boshlanadi

Vazirlar Mahkamasining 27.02.2017 yildagi «Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 106-son qaroriga qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlash Toshkent shahrida 2017 yil 1 iyuldan boshlab amalga oshirilmoqda, butun respublika bo‘yicha esa joriy yil 1 iyuldan boshlanadi.
 
Poytaxtimizda soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi bo‘yicha qarz mavjudligi avtomatik ravishda tekshirilmoqda. Ya'ni arizachi to‘lovlar bo‘yicha qarzi yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnomalar taqdim etmaydi. Ushbu axborotni notariuslarning o‘zi elektron tizim orqali oladilar.
 
Qabul qilingan hujjat bilan respublikaning qolgan mintaqalarida notariuslar tomonidan arizachining kommunal qarzlari haqidagi ma'lumotlar avtomatik ravishda olinishini joriy etish muddatlari belgilandi:

• elektr ta'minoti va gaz ta'minoti bo‘yicha – 2019 yil 1 yanvardan;
• issiqlik ta'minoti, suv ta'minoti va oqova suvlarni chiqarish xizmatlari bo‘yicha – 2021 yil 1 yanvardan.  
 
Ayni shu paytdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tegishli idora va tashkilotlardan qarzdorlik bo‘yicha axborot yuborilishi ta'minlanadi.


 Hujjat 6.04.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid