«Axtachida o‘t yonsa, Andijonda tutuni»: Ekologlar qayerga qarayapti?
Andijonning shimoliy tumanlari qir-adirliklardan iborat bo‘lgani uchun ularning tabiati bahorda o‘zgacha chiroy ochgan.
Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlariga boruvchi katta yo‘ldan mashinada yursangiz, qiyaliklardagi ko‘m-ko‘k dalalar, bir tekis bog‘lar ortida uzoq-uzoqdagi tog‘larning cho‘qqisi ham ravshan ko‘rinib turadi.
«Kun.uz» muxbiri Xo‘jaobodda qaytishda hamrohimga: «Bizda bahorning aprel oylarida tuman tushmas edi. Atrofning ko‘rinishi xirami?», - deya savol berdim. «Axtachidagi sement zavodi trubasidan chiqayotgan tutun atrofga shunaqa ta'sir qilyapti» dedi u. Men ishonqiramadim. Sababi, Xo‘jaobod va Asaka tumani o‘rtasida adirliklar mavjud. O‘sha sanoat obektini, borib, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgach, uning fikri to‘g‘ri ekanligiga shubha qolmadi.
Andijon shahridan chiqib, Asaka tumani tomon yursangiz, 5 kilometrlardan so‘ng o‘ng tomonda Axtachi sanoat hududi keladi. Hududda juda ko‘plab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Shulardan biri sement ishlab chiqaruvchi «SingLida» qo‘shma korxonasidir.
2013 yildan faoliyatga kirishgan korxona boshida bor quvvat bilan ishlamadi chog‘i, avvaliga bu zavod trubalaridan hozirgidek o‘ta katta miqdorda tutun chiqmas edi. Yurtda jadal qurilish ishlari boshlangach, zavodning ishlab chiqarish quvvati oshib, tutuni ham falakni tutdi. 2015-2016 yillardan atrofdagi aholi va boshqa tadbirkorlar ushbu xavotirli holat bo‘yicha turli tashkilotlarga murojaat qila boshlashdi.
Tsement zavodining ikkita trubasidan chiqayotgan tutun, balki sement changidir, atmosferani bulg‘ab, atrof-muhitga juda katta zarar yetkazayotganiga guvoh bo‘ldik. Shundan so‘ng dunyoning ayrim shaharlarida sanoat obektlari chiqarayotgan tutun tufayli tiniq osmonni ko‘rib bo‘lmasligiga ishondik.
O‘sha sement korxonasi atrofidagi tomlarni bir santimetr qalinlikdagi chang va qurum qoplab bo‘lgan ekan. Odamlar mana shu havodan nafas olishmoqda.
Sanoat korxonalari ishlab chiqarish jarayoni davomida paydo bo‘ladigan atrof-muhitga zarar yetkazuvchi chiqindilarning salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida oqib chiquvchi va tik quvur (truba)larga talab qilingan me'yorlarga asosan filtrlar o‘rnatadi. Balki, Axtachi sement zavodida bunday uskunalar o‘rnatilmagan bo‘lsa kerak. Korxona quvurlaridan buruqsab chiqayotgan tutunni ko‘rib, o‘sha yerda ishlayotgan ishchilarning ahvolini o‘yladik...
Hozir, qaysi shahar yoki tumanga borsangiz, qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganini ko‘rasiz. Barcha sanoat mahsulotlari singari sement ham jamiyatimiz uchun juda zarur. Lekin, inson salomatligi, tabiat, ekologiyani asrash undan-da zarurroq!
Aholi tomonidan ko‘p bora qilingan murojaatlardan so‘ng, viloyat ekologiya va tabiatni muhofaza qilish tashkiloti mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari mazkur muammoni hal qilish uchun harakat qilganidan xabarimiz bor. O‘tgan yili mazkur sement zavodini aholi yashovchi hududlardan uzoqroq joyga ko‘chirilishi haqida ham ma'lumot tarqagan edi.
Afsuski, yiliga 100 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega sement zavodi ayni paytda atrof-muhitga, insonlar salomatligiga zarar yetkazib, faoliyatini davom ettirmoqda.
O‘zingiz ekkan daraxtga bolta ursangiz tekshiradigan, mashinangizdan chiqayotgan gazni o‘lchab jarima solishni qoyillatadigan ekologiya vakillari, avvalo mana shunday muammolarni hal qilsa bo‘lar edi..
Qani, endi navbat Andijon viloyat ekologiya va tabiatni muhofaza qilish mutasaddilariga! Ko‘ramiz, ular o‘zlarida mavjud vakolat doirasida qanday harakat qila olar ekan?
«Kun.uz» muxbiri
Mavzuga oid
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
14:41 / 06.11.2024