O‘zbekiston | 13:11 / 19.04.2018
30048
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya O‘zbekistonga 1,25 milliard funt sterling ajratadi

Foto: KUN.UZ

Buyuk Britaniya O‘zbekiston neft-gaz sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 1,25 milliard funt sterling mablag‘ ajratadi.

Bu yo‘lda kecha London shahrida o‘z ishini boshlagan “O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i investitsiyaviy salohiyati” mavzusidagi birinchi britan-o‘zbek energetika forumida dastlabki qadam qo‘yildi. Ya'ni mazkur anjumanda shu bo‘yicha Respublika tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan Eksportni moliyalashtirish Britaniya agentligi o‘rtasida memorandum imzolandi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

Qayd etish lozim, ushbu forum kun tartibi sermazmun tuzilgan bo‘lib, ikkita yalpi majlis, “B2B” formatidagi uchrashuvlar, shuningdek, ishtirokchi kompaniyalar taqdimotlarini o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, energiyaning noan'anaviy va qayta tiklanuvchi manbalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat neft-gaz tarmog‘i sarmoyaviy loyihalarini moliyalashtirishni tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqishga qaratilgan.

Forum Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zbekneftegaz” kompaniyasi, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda mezbon davlatning savdo va ekportni qo‘llab-quvvatlash vaziri baronessa Rona Ferxed, xalqaro moliya muassasalari, tijorat banklari, Buyuk Britaniya va Yevropa mamlakatlari neft-gaz va iqtisodiy sektorlari vakillari ishtirok etyapti.

Bunday forumlarni muntazamlik asosida nafaqat Londonda, balki O‘zbekistonda ham o‘tkazishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid