09:53 / 19.04.2018
6469

Yozuvchi Konan Doylning Sherlok Xolms haqidagi qo‘lyozmasi 312 ming dollarga sotildi

Foto: RIA Novosti / Kirill Kallinikov

Mashhur ingliz yozuvchisi Artur Konan Doylning izquvar Sherlok Xolms va uning yordamchisi doktor Vatsonning sarguzashtlari haqidagi “Raqqos odamchalar” nomli asarining qo‘lyozmasi AQShdagi Heritage Auctions auksionida 312,5 ming dollarga sotildi. 

Auktsion 18 aprelda Texasda o‘tkazilgan, internetda uning onlayn-namoyishi olib borilgan. Savdolar boshlangungacha qo‘lyozma 200 ming dollarga baholanayotgandi va auksiondagi dastlabki narxi ham shu narxda belgilangan.

Qo‘lyozma 1903 yil bilan sanalangan va 53 ta varaqdan iborat. Auktsion tashkilotchilarining ma'lum qilishicha, qo‘lyozmada muallifning uchta imzosi bor.

“Raqqos odamchalar” asari “Sherlok Xolmsning qaytishi” to‘plamiga kirgan hikoyalardan biri bo‘lib, unda mashhur izquvarning jinoyatchini topish uchun sirli shifrni topishi haqida so‘zlangan. Konan Doylning o‘zi esa bu asarini eng yaxshi asarlaridan 3-raqamlisi deb atagan.

Konan Doylga mansub qo‘lyozma Dallasdagi auksionga qo‘yilgan 176 ta hujjatdan eng qimmat sotilgani bo‘ldi. Auktsionda, shuningdek, AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington va huquq himoyachisi Martin Lyuter Kingning qo‘lyozmalari va dastxatlari ham sotilgan.

Mavzuga oid
Top