Sport | 13:32 / 20.04.2018
4296
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq velopoygachi Armstrong hukumat da'vo ishi sudga yetib bormasidan 5 mln dollar to‘ladi

Foto: EPA /OLIVIER HOSLET

Amerikalik sobiq velopoygachi Lens Armstrong uni firibgarlikda ayblagan federal hukumat da'vosini sudgacha tartibga solish maqsadida 5 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqida bosh prokuror yordamchisi vazifasini bajaruvchi Ched Ridler ma'lum qildi. 

"Hech kim qonundan ustun emas, - deya ta'kidladi u o‘z bayonotida. - Bilib turib organizmning jismoniy holatini yaxshilovchi taqiqlangan preparatlarni iste'mol qiluvchi sportchi nafaqat o‘z raqiblari va muxlislarini, balki sport musobaqalarini moliyalashtiruvchi homiylarni ham aldayotgan bo‘ladi". Ridlerning so‘zlariga ko‘ra, Armstrongga nisbatan ilgari surilgan bu ish va uning oxir-oqibat sudga yetmasidan tartibga solinishi - "hukumatni aldashga urinayotgan kishilarning javobgarlikka jalb qilinishidan dalolatdir".

AQSh adliya vazirligiga ko‘ra, Armstrong o‘z xatti-harakatlari bilan US Postal - sportsmenning jamoasiga homiylik qiluvchi davlat pochta kompaniyasiga zarar yetkazgan. Velopoygachi doping iste'mol qilgan va bu homiylik kelishuvi punktlariga ziddir. Armstrongga taxminan 100 million dollarlik jarima solinishi kutilayotgan edi, sud 7 mayga belgilangandi.

Armstrongning advokati ta'kidlashicha, Lens buning bari ortda qolganidan xursand. Sportchi 5 million dollardan tashqari jamoadagi sobiq sherigi Floyd Lendisning sud xarajatlarini qoplash uchun 1,65 million dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. U 2010 yilda Armstrongni doping iste'mol qilishda ayblagan va hatto unga qarshi da'vo ishi ham ochgan va bu ish keyinchalik AQSh hukumati da'vosi bilan birlashtirilgan. 

2012 yilda Armstrong Amerika aksildoping agentligi (USADA) tergov natijalari bo‘yicha taqiqlangan preparatlarni qo‘llagan deb topilgan. U doping iste'molini tan olganidan keyin uning 1998 yildan boshlab qo‘lga kiritgan barcha natijalari (1999-2005 yillardagi "Tur de Frans" g‘alabalari ham) bekor qilingan va u butun umrga diskvalifikatsiya qilingan. Shuningdek sportchi 2015 yilda sudda Million Dollar Race poygasida g‘alaba qozonish uchun pora berganini tan olgan. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid