Sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik – noqonuniy, propiska bo‘yicha – o‘zgarishsiz
18.04.2018 yildagi O‘RQ–476-son qonun bilan Mehnat kodeksiga qo‘shimcha kiritildi, deb yozmoqda Norma.
Ishga qabul qilishni rad etish g‘ayriqonuniy hisoblanadigan hollarning ro‘yxati kengaytirildi. Endilikda muqaddam sudlangan shaxslarni ishga qabul qilmaslik yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslikka ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Ammo ba'zi hollarda qonunchilik muqaddam sudlangan shaxslarni ishga qabul qilishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Bunday hollarda rad etish qonuniy hisoblanadi. Masalan, «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga binoan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari bo‘lishi mumkin emas.
Bundan tashqari, sud qo‘shimcha jazo tariqasida shaxsga muayyan turdagi lavozimlarni egallashni taqiqlashga haqli. Aksariyat holatlarda – rahbarlik va moddiy javobgarlikka ega bo‘lgan lavozimlarni egallashni. Bunday holda ishga qabul qilish hatto jinoyat - sud hujjatini ijro etmaslik deb topilishi mumkin (JKning 232-moddasi).
Eslatib o‘tamiz, mehnat huquqi sohasidagi ilgari muhokama etilgan yana bir masala – propiska mavjud emasligi munosabati bilan ishga joylashtirishni rad etish. Prezidentning 22.01.2018 yildagi PF–5308-son Farmonining 10-bandi bilan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilingan. Farmon 23.01.2018 yildan kuchga kirgan.
Biroq Mehnat kodeksining 80-moddasiga, shuningdek Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-2-moddasiga o‘zgartirishlar hali kiritilmagan. Rasmiy jihatdan taqiq kuchda qolmoqda, mas'uliyat esa saqlanib qoladi, chunki qonunlar prezident farmonlariga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega.
Qonun 19.04.2018 yilda kuchga kirdi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.11.2024
Raqamli dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
09:59 / 13.11.2024