O‘zbekiston | 16:00 / 27.11.2025
1699
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda majoritar aksiyador va fidutsiar majburiyatlar qonuniy tarzda belgilab qo‘yildi

Yangi qonun bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga majoritar aksiyador tushunchasini aniq belgilash hamda kuzatuv kengashi a’zolari, jamiyat direktori va boshqaruv a’zolarining fidutsiar majburiyatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonun (O‘RQ–1097-son, 2025 yil 27 noyabr) bilan ayrim qonun hujjatlariga, jumladan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatida majoritar aksiyador tushunchasi quyidagicha qonuniy tarzda belgilandi: jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining 50 foizidan ortig‘iga egalik qiluvchi yoxud ovoz beruvchi aksiyalari miqdori jamiyatning boshqa har bir aksiyadori ulushiga nisbatan ko‘p bo‘lib, ovozi qaror natijasiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan aksiyador majoritar aksiyador deb e’tirof etiladi.

Shuningdek, qonun bilan jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari, jamiyat direktori, boshqaruv a’zolari hamda ishonchli boshqaruvchining fidutsiar majburiyatlari aniq tarzda bayon etildi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi, jumladan:

  • o‘z vazifa va majburiyatlarini amalga oshirishda vijdonan harakat qilib, jamiyat va aksiyadorlar manfaatlarini eng ko‘p aks ettiruvchi usullardan foydalanish;
  • jamiyat mol-mulkidan jamiyat ustaviga va ichki hujjatlariga zid ravishda yoki aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va (yoki) kuzatuv kengashi qarorisiz, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab foydalanmaslik;
  • jamiyatning asosiy faoliyat yo‘nalishlariga xos bo‘lgan sohada tadbirkorlik faoliyatini jamiyatning tegishli boshqaruv organlari roziligisiz amalga oshirmaslik;
  • qonunchilikka, jamiyatning ichki hujjatlariga va shartnomaga muvofiq jamiyat faoliyati to‘g‘risidagi maxfiy axborotni oshkor qilmaslik;
  • o‘z vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish evaziga moddiy qimmatliklar olmaslik.

Kiritilgan o‘zgartishlar aksiyadorlar huquqlarini kuchaytirish, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning shaffofligi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid