20:32 / 20.04.2018
6051

Toshkent viloyati Tergov boshqarmasi 3 oyda 1294ta jinoiy ishni o‘rgangan

Foto: KUN.UZ

Shu yilning 14 aprel kuni Toshkent viloyat IIBning 2018 yil birinchi choragida amalga oshirgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan 2018 yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan axborot berildi.

2018 yil birinchi choragi davomida 1294ta jinoyat ishi yurituvga olingan bo‘lib, jami tergov qilingan ishlar soni 1463tani tashkil qilgan. Tergov qilingan jinoyat ishlaridan 949tasi, ya'ni 64,9 foizi tamomlandi. Shundan 724ta jinoyat ishi ayblov xulosasi, 127tasi tomonlarning yarashganligi munosabati bilan, 4tasi amnistiya tartibda tegishli sud muhokamasiga yuborildi va 90ta jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi jinoyat protsessual kodeksining 83- hamda 84-moddalari asosida tugatildi.

Jinoyat natijasida keltirilgan zarardan 85 foizi dastlabki tergov davomida undirildi. Xodimlar tomonidan 278 marotaba ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi va 721 marotaba joylarda uchrashuvlar o‘tkazildi. Tergov boshqarmasiga NR rusumli server o‘rnatilib, boshqarma va uning quyi tizimlarini bog‘lovchi yagona lokal tarmoq yaratildi.

Barcha xodimlarning xizmat xonalariga jami 229ta veb-kameralar o‘rnatilib, har bir tergov harakatini videotasvirga olish va olingan videotasvir tushirilgan diskni jinoyat ishi hamda nazorat kuzatuv yig‘ma jildiga qo‘shib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Chirchiq shahar va Bo‘ka tuman IIB ekspert-kriminalistika guruhlarida kimyoviy laboratoriyalar tashkil etilib, ular ekspertiza o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan barcha zamonaviy texnika jihozlari bilan ta'minlandi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 sentabrdagi “Ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalari xodimlari tomonidan jinoyatlarni tergov qilish hamda fosh etish samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi 727-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq baholash mezonlari asosida yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan Chirchiq shahar, Bekobod va Parkent tuman ichki ishlar bo‘limlari huzuridagi Tergov bo‘limlari jamoasi hamda 48 nafar xodimlar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Top