09:44 / 26.04.2018
10390

AQSh FQB O‘zbekiston Bosh prokuraturasida mashg‘ulot o‘tkazdi

Foto: Reuters

Amerika Qo‘shma Shtatlari Federal qidiruv byurosining to‘rt nafar maxsus agenti va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassisi Bosh prokuraturaning Toshkentdagi Oliy o‘quv kurslarida portlashdan so‘nggi tergov amaliyotlari bo‘yicha bir haftalik trening o‘tkazdi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi”.

Uning bir qismi mavzuga oid Ichki ishlar vazirligida o‘tkazilgan amaliy mashqlardan iborat bo‘ldi. Ushbu mashg‘ulotlarda dalil topish va to‘plash, qurilmani qayta tiklash va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda zarur bo‘lgan muhim bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi.      

“Bunday mashg‘ulotlar ko‘magida Federal qidiruv byurosi (FQB) xalqaro huquq-tartibot organlaridagi hamkorlarga hamkorlikni kuchaytirish va dalil yig‘ishga yordam beruvchi umumiy va ilg‘or qidiruv usullariga oid ko‘nikmalarni o‘rgatadi. Bunday mashg‘ulotlar butun dunyo bo‘ylab huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi,” — deydi FQB vakili.     

Bu loyihani AQSh elchixonasidagi Diplomatik xavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy idora ham qo‘llab-quvvatladi. “Mazkur trening va hamkorlik qidiruv-tergov, dalillarni yig‘ish va jinoiy javobgarlikka tortishga doir usullarimizni birlashtirishga yordam beradi. Real tekshiruv bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish orqali, FQB ekspertlari kelgusida transmilliy jinoyat va terrorchilarga qarshi birgalikda kurash olib borish uchun, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlaydi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Federal qidiruv byurosi Adliya departamenti uchun qidiruv-tergov ishlari olib borish maqsadida 1908 yili tashkil etilgan. 

 

Mavzuga oid
Top