AQSh va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa, KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi xodimlaridan juda ko‘pchiligi G‘arb davlatlariga qochib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Ularning aksariyati AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, aksincha Britaniya yoki AQSh xavfsizlik xizmati xodimlari sovetlar foydasiga ishlagan.

KGB josuslarining G‘arbga qochib o‘tishlariga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlashmaganini aytishgan.

Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan. Yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lishgan va G‘arbga qochib o‘tishgan.

Biroq shunday bo‘lsa-da MRB yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati foydasiga ishlagan josuslarga, G‘arbga qochib borib ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan KGB xodimlariga juda katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.

Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.

Ularning ayrimlari sovetlarning «butun dunyoni teng qilish» haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari sovetlar tomonidan to‘langan mo‘may pulga qiziqqan. Ana shulardan biri Federal qidiruv boshqarmasi (FQB) agenti Robert Hanssen edi.

Robert Hanssen uzoq yillar davomida avvaliga KGB bilan, SSSR parchalanib ketgach Rossiya xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qiladi va bu xizmati uchun katta miqdorda pullar oladi. Oxir-oqibat u 2001 yilda qo‘lga tushadi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Robert Hanssen o‘quvchilik yillarida va qo‘lga olinishidan sal avval / Foto: alamy.com

Robert Hanssen – tug‘ma politsiyachi

Robert Hanssen 1944 yilda Chikagoda politsiyachi oilasida tug‘iladi. O‘rta maktabni bitirgach u kollejda rus tilini o‘rganadi. 1968 yilda Robert 24 yosh ekanida otasining izidan borib Chikago politsiyasiga ishga kiradi. U ichki xavfsizlik boshqarmasiga tergovchisi sifatida ishlay boshlaydi.

Oradan to‘rt yil o‘tib, 1976 yilda Robertni FQBga ishga taklif etishadi. U tashkilotning Indiana shtatidagi idorasida ishlaydi. 1978 yilda Robert FQBning Nyu-Yorkdagi idorasiga o‘tadi.