Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sevilya» Vinchentso Montellani iste'foga chiqardi, yangi bosh murabbiy e'lon qilindi
«Sevilya» klubi bosh murabbiy Vinchentso Montella iste'fosini e'lon qildi.
«Klub qoniqarsiz natijalar tufayli shunday qarorga keldi. Montella 29 aprel kuni futbolchilar va muxlislar bilan rasman xayrlashadi», — deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Montella 2017 yil 28 dekabr kuni Andalusiya klubiga tayinlangan edi. Uning qo‘l ostida jamoa 28ta o‘yin o‘tkazib, 11 marta g‘alaba qozondi, 7 marta durang o‘ynadi va 10 marta yutqazdi.
«Sevilya» Montella bilan Ispaniya Kubogi finaliga chiqdi va «Barselona»ga 0:5 hisobida yutqazdi. Chempionlar Ligasida chorakfinalgacha borib, «Bavariya»ga (1:2, 0:0) yutqazdi. Ayni paytda, klub Primerada 7-o‘rinda bormoqda va qatorasiga 7ta o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti.
Qizig‘i shundaki, bu Montella uchun bir mavsum davomidagi ikkinchi iste'fo bo‘ldi. Noyabr oyida u «Milan» klubidan ketgan edi.
«Sevilya» Xoakin Kaparros mavsum oxiriga qadar bosh murabbiy qilib tayinlanganini e'lon qildi.
62 yoshli mutaxassis 2000-2005 yillarda klubni boshqargan va 2001 yili jamoani Segundadan Primeraga olib chiqqan edi.
Ayni paytda «Sevilya» 48 ochko bilan Ispaniya chempionatida 7-o‘rinni egallab turibdi.