Yopiqlashayotgan ochiq sud majlislari haqida ko‘rganlarimiz
Jamiyatda ikki ustun borki, uning haqqoniy va adolatli bo‘lishi barqaror rivojlanishga katta ta'sir ko‘rsatadi. Menimcha bular - soliq tizimi va sud hokimiyati. Soliq, umuman majburiy to‘lovlar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin, biroq sud hokimiyati o‘z binosida adolat o‘rnatolmay, boshqalarga «o‘rnak» bo‘lishiga toqat qilib bo‘lmaydi.
Gap shundaki, joriy yilning 23 fevral kuni Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma e'lon qilingandi. Hujjatga ko‘ra, sudga tashrif buyuruvchi shaxslar - sud binosi yoki uning hududiga vaqtincha (sud majlisi ishtirokchisi sifatida, o‘z ixtiyori yoki xizmat vazifalarini bajarish munosabati bilan) kelgan har qanday jismoniy shaxs. Shunga ko‘ra, sudga tashrif buyuruvchi shaxslar sud binosiga sudning mas'ul xodimlari tomonidan rasmiylashtirib berilgan bir martalik ruxsatnoma asosida kirib chiqishlari MUMKIN.
Sud majlisi o‘tkaziladigan vaqtda sudga tashrif buyuruvchi shaxslar sud majlisi o‘tkaziladigan vaqt va sud majlisiga chaqirilgan shaxslarning ro‘yxati ko‘rsatilgan ruxsatnoma asosida sud binosiga kiritiladi. Endi savollar paydo bo‘lmoqda.
Birinchi savol: sud majlisini kuzatishni istagan kishi (jurnalist, inson huquqlari himoyachisi, jamiyatning faol a'zosi, talaba - har kim) sud binosiga qanday kiradi? Ruxsatnoma asosida kirib chiqishlari mumkin, deb qayd etilganiga qaramay, shu hujjatning o‘zida RO‘YXAT asosida kirish zarurligi aytilmoqda. Qolaversa, bu RO‘YXAT sudga raislik qiluvchi sudya tomonidan tasdiqlanishi so‘raladi. Endi shaffoflikni mustahkamlash yo‘lidan ketayotgan sud eshiklari birdan yopilib qolayotganga o‘xshab qolmayaptimi?
Yana shu hujjatning o‘zida shunday deyiladi:
«Sudga tashrif buyuruvchi shaxslar ochiq sud majlisiga shaxsni tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatgan holda kirishlari mumkin».
Mantiqan to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, hech qanday ro‘yxatsiz, muayyan ochiq sud majlisida ishtirok etish uchun shaxsimni tasdiqlovchi hujjat bilan sud binosiga kirsam ham bo‘ladi.
Ammo, lekin, biroq...
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va hukumatni ag‘darish kabi jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev ishida sud xodimlari tushunarsiz mantiqqa ko‘ra ish tutmoqda. Ya'ni, ochiq sud majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishni istagan shaxslarning ro‘yxati avvaldan shakllantirilgan. So‘nggi marta aynan shu ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud majlisiga garchi sud majlisi boshlanmagan bo‘lsa-da, sud binosiga jurnalistlar kiritilmay ancha ovoragarchilik paydo bo‘ldi.
Masalaning asl muammosi yo‘riqnomada hammasi aniq va ravon ifodalanmaganligi: ochiq sud majlisiga kuzatuvchi sifatida kelgan «mehmonlar» qay tartibda kiradi, chaqirilgan shaxslar, advokatlar, davlat ayblovchisining (aynan ularga e'tirozim ko‘p, chunki sud xodimi bo‘lmagan davlat ayblovchisi sud majlisida bemalol telefon «kovlab» o‘tiradi) kirish-chiqishi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Yo‘riqnomani o‘qigan kishi bitta xulosaga keladi: oxir-oqibat bo‘tqa paydo bo‘libdi. Istagan kishi o‘z xohishidek talqin etish mumkin bo‘lgan yo‘riqnoma hali ko‘p muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi savol: Nazorat o‘tish punktida xizmat qilayotgan ichki ishlar xodimlari kimga bo‘ysunadi? Qaysi qonun va yo‘riqnoma asosida ish olib boradi? Savol juda haqli, negaki, Jinoyat ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi NO‘Pda xizmatni o‘tayotgan xodimlar qonun talabidan ham chetga chiqib, sud xodimlarining buyrug‘inigina bajaradi. Masalan, sudlanuvchi Go‘zal To‘xtaxo‘jayeva ishi bo‘yicha ochiq sud majlisiga jurnalist va OAV muxbirlari kiritilmadi. Sudga raislik qiluvchi sudya Sarvar Karimovning ruxsati yangragach, ichki ishlar xodimlari yo‘lni ochib qo‘ydi.
Xulosa doim o‘quvchidan, lekin mas'ul xodimlar, mutasaddi rahbarlar ham sal keng fikr bilan mantiqni ishga solsa, nur ustiga a'lo nur edi.
Mavzuga oid
16:18 / 22.08.2022
Inson huquqlari faoli sudyalarning mahalliy kengashlar oldida axborot berish amaliyotini tanqid qildi
19:39 / 05.08.2022
Hojatxonadan ushlab ketilgan erkak, pampersga ketib qamalayozgan ota - Miranda qoidalari nima uchun muhim?
23:43 / 14.01.2021
Fuqarolik-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi. Asosiy yangiliklar
20:12 / 23.12.2020