Inson huquqlari faoli sudyalarning mahalliy kengashlar oldida axborot berish amaliyotini tanqid qildi
Prokuror dalaga go‘ng tashiydi, “nachalnik melisa” dalaga dori septiradi. Shu nuqtayi nazardan qarasak, bu normal. Lekin dunyoviy, huquqiy va xalqaro normalardan kelib chiqsak, bu juda kulgili, deydi inson huquqlari faoli.
Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Kun.uz'ga bergan intervyusida sudyalarning Mahalliy Kengash deputatlari oldida axborot berish amaliyotini tanqid qildi.
“Vaziyatni hisobga olsak, bu – normal. Chunki davlat hokimiyatining boshqa tizimlarida ham shunday holat ketyapti. Prokuror dalaga go‘ng tashiydi, “nachalnik melisa” dalaga dori septiradi. Shu nuqtayi nazardan qarasak, bu normal
Lekin dunyoviy, huquqiy va xalqaro normalardan kelib chiqib tahlil qilsak, bu juda kulgili. Qanday qilib axir, u sud-ku? Sudlar mahalliy kengashlar oldida axborot berishi mumkinmi? Axir, qonunlarda uning alohida hokimiyat ekani yozib qo‘yilgan-ku.
Sudlarga ijtimoiy vazifalar qo‘yib bo‘lmaydi. Unga “sud unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak”, deya aql o‘rgatib bo‘lmaydi. Sud bu – she’riyat emas, sud bu – huquq. U jazolashi yoki oqlashi kerak, tamom”, – deydi faol.
“Ezgulik” jamiyati raisiga ko‘ra, O‘zbekistonda sud tizimidagi muammolar avvalo hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipi to‘g‘ri ishlamayotganining oqibati hisoblanadi.
“Hokimlarning sudlar ishiga tinimsiz aralashishi va qarorlariga ta’sir o‘tkazishi ham boshqaruvdagi kemtikliklarning oqibati.
Biz mutafakkirlarning fikriga tayanib aytadigan bo‘lsak, sud jinoyatchilarni jazolay olmayotgan ekan, demak ularga sherik hisoblanadi.
Yoki Avreliy aytganidek, odil sud bo‘lmagan jamiyatda hamma qaroqchiga aylanadi.
Biz mana shularni tan olarkanmiz, haminqadar ishlayotganimizni, hokimiyat idoralarida falajlik borligini ham tan olishimiz kerak.
Fikrimcha, ishlamayotgan sud tizimini Oliy sudda rahbar o‘zgarishi ishlatolmaydi. Masalani hal qilish uchun hokimiyatning bo‘linishi qoidalari real ishlashi kerak.
Muammolar muammolarni keltirib chiqaraveradi. Muammolarimiz esa faqat sudlar bilan bog‘liq emas. Masalan, prokuraturada, tergovda shunchalik ko‘p muammolar borki, u muammolarning ahamiyati sudnikidan kam emas. Umuman, olganda jamiyatimizda immunitet tanqisligi sindromi kechmoqda.
Odamlar bu vaziyatdan faqat o‘zi harakat qilib, uyg‘onish orqali chiqishi kerak. Agar jamiyatda sudga hurmat uyg‘onmasa, bitta lokomotiv ko‘plab vagonlarni tortib ketolmaydi. Buncha vazifani eplash mumkin emas.
Yana bir misol, yaqinda prokuratura faoliyatiga bag‘ishlangan bir tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bir prokuror chiqib, prokuratura erishgan sharaflar haqida gapirib ketdi. Men esa aytdim, qanday qilib prokuratura sharafga erishadi, mamlakat tarixidagi to‘rtta bosh prokurordan uchtasi qamoqda o‘tirgan bo‘lsa? Buni bir misol sifatida gapiryapman.
Shuning uchun biz fakt, raqam va statistikaga e’tibor beraylik. Biz raqamlar, faktlardan kelib chiqib, muammolarimizga tashxis qo‘yishimiz kerak.
Shuningdek, bizda aql markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishlamaguncha ham davlat hokimiyatlarining to‘g‘ri ishlashini kutish qiyin”, – deydi Abdurahmon Tashanov.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024