Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jinoyat ishi sudga oshirilganda himoyachining fikri ham ilova qilinishi mumkin
Deputatlar qabul qilgan yangi qonunga ko‘ra, advokatlar dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin 5 sutka ichida “himoya fikri”ni taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi. Himoyachi bu huquqdan foydalangan taqdirda, jinoyat ishini sudga oshirishda ayblov xulosasidan tashqari, “himoya fikri” ham ilova qilinadi.
O‘zbekistonda jinoyat ishini sudga oshirish tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 7 iyul kungi majlisda tegishli qonunni qabul qildi.
Unga ko‘ra, jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga kiritiladigan tartib joriy etiladi.
Bunda, himoyachiga dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin 5 sutka ichida “himoya fikri”ni taqdim etish huquqi beriladi.
Himoya fikrida ayblovga munosabat, dalillar, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, sudga chaqirilishi so‘ralayotgan shaxslar va boshqa fikrlar aks ettirilishi mumkin.
“Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sud muhokamalarida tenglikni ta’minlash, sudyaning ish bo‘yicha har ikki tomon fikri bilan oldindan tanishishiga imkoniyat yaratish hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi”, – deyiladi palata axborotida.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.