05:16 / 01.05.2018
6630

Kobuldagi teraktda 9 nafar OAV xodimi halok bo‘lgani ma'lum qilindi

Foto: twitter.com KoblerinPAK

Afg‘oniston poytaxti Kobulda 30 aprel ertalab sodir etilgan 2 ta portlashda halok bo‘lgan 29  kishidan 9 nafari OAV xodimlari bo‘lgan. Bu haqda TOLOnews telekanali xabar berdi.  

Avvalroq hujum oqibatida fotomuxbir Sha Maray halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. U Agence France-Presse axborot agentligining Kobuldagi fotobyurosiga boshchilik qilgan. Keyinroq ma'lum qilinishicha, terakt  oqibatida, shuningdek,  TOLOnews operatori, 1TV telekanalining jurnalisti va operatori, Mashal TV telekanalining 2 xodimi va Azadi Radio’ning 3 jurnalisti halok bo‘lgan.

Hujum xorijiy davlatlar vakolatxonalari va Afg‘oniston razvedka xizmati joylashgan tumanda yuz bergan. Birinchi portlash mahalliy vaqt bilan soat 08:00 atrofida mototsikldagi terrorchi-xudkush tomonidan amalga oshirilgan. Ikkinchi portlash shu hududda 20 daqiqadan keyin, voqea joyiga favqulodda xizmatlar va jurnalistlar kelganda sodir etilgan. Hujum oqibatida 29 kishi halok bo‘lgan, 49 kishi yaralangan.

Terakt uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid
Top