Jahon | 10:11
1184
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston Pokistonning Kobulga zarbalari oqibatida qurbonlar borligini ma’lum qildi

Afg‘oniston Pokiston Kobuldagi “tinch aholi uylari”ga zarba berganini, oqibatda to‘rt kishi halok bo‘lib, yana 15 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Toliblar so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor.

Foto: picture alliance

Pokiston, jumladan, “Kobuldagi tinch aholi uylari”ga ham zarba berdi, oqibatda to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana 15 kishi yaralandi. Bu haqda 13 mart, juma kuni AFP agentligi mahalliy politsiyaning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotiga tayanib xabar qildi. Ta’kidlanishicha, qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor.

Bundan tashqari, Afg‘oniston hukumati vakili Zabihulla Mujohid Pokiston Qandahor shahriga, Pokiston bilan chegaradosh Paktiya va Paktika viloyatlariga, shuningdek yana bir qator hududlarga zarba berganini ma’lum qildi.

AFP’ning Pokiston xavfsizlik xizmatlaridagi manbasi 13 martga o‘tar kechasi Afg‘onistonga zarbalar berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar nishonlari “Tahrik-i-Tolibon Pokiston” (TTP) a’zolari bo‘lgan. Bu Pokistondagi qurolli guruh bo‘lib, “pokistonlik toliblar” nomi bilan ham tanilgan va afg‘on “Tolibon”i bilan yaqin aloqador hisoblanadi.

Avval ittifoqchi bo‘lgan bu ikki davlat o‘rtasidagi taranglik Pokiston Afg‘onistondan TTPga qarshi chora ko‘rishni talab qilganidan keyin kuchaydi. 2025 yil 9 oktyabr kuni Kobulda ikki portlash yuz berdi, ular uchun javobgarlikni “Tolibon” Islomobod zimmasiga yukladi. Shundan so‘ng afg‘on qo‘shinlari chegara nuqtalarida pokistonlik harbiylarga qarshi o‘q uzdi. Bunga javoban Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar va dronlar bilan zarba berdi, shuningdek qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi.

To‘qnashuvlar 2025 yil oktyabr oyi oxirigacha davom etdi, shundan keyin tomonlar Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Ammo keyingi muzokaralar tinchlik bitimi tuzilishiga olib kelmadi.

2026 yil fevral oyi oxirida Pokiston Afg‘onistonning bir nechta shahriga, jumladan Kobulga havo zarbalari berdi. O‘shanda Pokiston mudofaa vaziri Xo‘ja Osif bir necha oylik qurolli to‘qnashuvlardan keyin ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi taranglik “ochiq urush”ga aylanganini aytgan edi. Shundan buyon, toliblar ma’lumotiga ko‘ra, o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Islomobod esa mojaro davomida tinch aholini o‘ldirmaganini ta’kidlab kelmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid