Sport | 09:42 / 02.05.2018
10191
3 daqiqa o‘qiladi

“Bavariya” bosh murabbiyi Yupp Xaynkes faoliyatini batamom yakunlashga qaror qildi

Foto: EPA-EFE/SASCHA STEINBACH

“Bavariya” bosh murabbiyi Yupp Xaynkes Madridning “Real” klubiga qarshi javob uchrashuvi u uchun Chempionlar ligasidagi oxirgisi bo‘lganini aytdi. 

“Bavariya” 1 may kuni Chempionlar ligasi yarimfinalining javob uchrashuvida “Real” bilan 2:2 hisobida o‘ynab, finalga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. 

“Bu mavsumgacha Chempionlar ligasidagi so‘nggi uchrashuvim 2013 yildagi “Borussiya”ga qarshi final bo‘lgan (“Bavariya” 2:1 hisobida yutgan). Hech qachon yana qaytaman deb o‘ylamagandim. Hozir ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi o‘yin ushbu musobaqadagi so‘nggi o‘yinim bo‘ldi, men endi murabbiylik faoliyatiga boshqa qaytmayman. Biroq hammasi uncha yomon emas – dunyoda bunday qarorlarni qabul qiluvchi 72 yoshli odamlar ko‘p deb o‘ylamayman”, deb aytgan Xaynkes. 

“Real” bilan uchrashuv natijasidan hafsalam pir bo‘ldi. 9 oylik astoydil ish va mashg‘ulotlardan keyin biz yaxshi jamoa shakllantira olgandik. Ixtiyorimda kuchli o‘yinchilar bor edi va shu sababli hammasi shunday yakunlangani ranjitadi”, deb qo‘shimcha qilgan Xaynkes.

Xaynkes 2013 yilda “Bavariya” bilan Germaniya chempionati, Germaniya kubogi va Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgach, murabbiylik faoliyatini yakunlagandi. Biroq 2017 yil oktabrda klub rahbariyati Karlo Anchelottini iste'foga chiqargandan keyin mavsum oxirigacha klubga uni yaxshi biluvchi mutaxassis murabbiylik qilishi kerakligi haqidagi qarorga kelgan va Xaynkesni taklif qilgan. Joriy mavsumda ham “Bavariya” Xaynkes qo‘li ostida mamlakat chempioni unvonini qo‘lga kiritdi va mamlakat kubogi finaliga chiqa oldi. Keyingi mavsumdan klubga xorvatiyalik Niko Kovach murabbiylik qiladi.

Xaynkes 1979 yildan murabbiylik bilan shug‘ullanib kelgan. U Germaniyaning 4 karra chempioni (1989, 1990, 2013, 2018), mamlakat kubogi g‘olibi (2013), Chempionlar ligasining 2 karra chempioni (1998, 2013) hisoblanadi.

Xaynkes o‘yinchi sifatida ham yuqori cho‘qqilarni zabt etgan. U Myonxengladbaxning “Borussiya” klubi safida GFRning 4 karra chempioni (1970/71, 1974/75, 1975/76, 1976/1977), GFR kubogi (1972/73) va UYeFA kubogi sohibi (1974/75) bo‘lgan. Germaniya terma jamoasi safida Yevropa (1972) va jahon chempioni (1974) unvonlarini qo‘lga kiritgan. 

Xaynkes 2013 yilda FIFA talqini bo‘yicha dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb topilgandi.

Mavzuga oid