23:23 / 02.05.2018
9396

Xitoyda 1374 ta dron yordamida uyushtirilgan yorug‘lik shousi Ginness rekordini o‘rnatdi (video)

Xitoyning Sian shahrida qadimgi shahar devori ustida dronlar yordamida uyushtirilgan yorug‘lik shousi havoda bir vaqtda bo‘lgan dronlar soni bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Rekord natija 29 aprelda qayd qilingan.

Shou 13 daqiqa davom etgan va unda 1374 ta drondan foydalanilgan. Dronlar Ehang Egret kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan. Shou Janubiy Koreyadagi qishki Olimpiada o‘yinlari ochilishida Intel korporatsiyasi tomonidan o‘rnatilgan avvalgi rekordni yangiladi. Avvalgi rekordda 1218 ta dron qatnashgandi.  

Ginness rekordlari tashkiliy qo‘mitasining rekord o‘rnatilgani haqidagi sertifikati shou tashkilotchilariga 1 may kuni topshirilgan. Ginness rekordlar kitobi vakillarining ta'kidlashicha, rekord hisobga olinishi uchun barcha dronlar bir vaqtda havoga ko‘tarilib, u yerda bir daqiqadan ko‘proq qolishi kerak bo‘lgan. 

Shou vaqtida dronlar shahar devorining ustidan havoga ko‘tarilib, uzunligi 1200 metr va balandligi 100 metr keladigan yorug‘lik polotnosini hosil qilgan. Shundan keyin dronlar havodagi o‘rnini o‘zgartirib, turli shakllar va yozuvlar hosil qilgan.

Mavzuga oid
Top