13:51 / 03.05.2018
10014

Kim Chen Inning Xitoyga tashrifi ko‘chmas mulk narxining oshib ketishiga sabab bo‘ldi

Foto: AP Photo / Ju Peng

Xitoyning Shimoliy Koreya bilan chegarasida joylashgan Dandun shahridagi ko‘chmas mulk obektlari narxi Kim Chen Inning mart oyida Xitoyga tashrifidan keyin keskin oshib ketdi. Bu haqda Xitoyning Global Times nashri ma'lum qildi. 

Nashr o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Kim Chen Inning tashrifidan keyin Dandundagi uylar narxi bir kvadrat metri uchun 3 ming yuandan (470 dollar) 5 ming yuangacha (780 dollar), ba'zi tumanlarida esa 2 barobarga ko‘tarilib ketgan. Shu bilan birga ko‘chmas mulk savdosi hajmi oshib bormoqda.

Ko‘chmas mulk agentligi xodimining ma'lum qilishicha, Yalutszyan daryosi bo‘yida joylashgan ko‘chmas mulkning narxi eng tez oshmoqda. Daryoning narigi sohilida Shimoliy Koreyaning Siniyju shahri joylashgan.

Tadbirkorlardan birining aytishicha, bir qator tumanlarda ko‘chmas mulk narxi kuniga bir necha yuz yuanga oshmoqda. Chjan ismli davlat xizmatchisining aytishicha, xaridorlar asosan mahalliy aholi bo‘lib, ko‘chmas mulk bozoridagi narx oshishlar shaharning markaziy qismida bir qator uylar qurilishi yakunlangani va aholi o‘sha yerlarga ko‘chib o‘tishga intilayotgani bilangina bog‘langan. 

Shu bilan birga turizm bo‘yicha agentlardan birining aytishicha, Kim Chen Inning Xitoyga tashrifidan keyin Shimoliy Koreyaga temir yo‘l chiptalariga talab oshgan va shu sababli ularni sotib olish mushkul ishga aylanib qolgan. Uning aytishicha, o‘tgan yil Pxenyanga poyezdlar qatnovi to‘xtatilgandi, biroq oxirgi vaqt Shimoliy Koreyaga biznes-tur va oilaviy safarlarga talab oshgan.

Kim Chen In Xitoyga rafiqasi bilan 25-28 mart kunlari tashrif buyurgandi.

Mavzuga oid
Top