Xayriya aksiyasi: Hasanboy Do‘stmatovdek bokschi bo‘laman
“Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqlik, yomon ishlar va zulmdan qaytarur. (U) eslatma olursizlar, deb sizlarga nasihat qilur” (Nahl surasi, 90 oyat)
Darhaqiqat, biz insonlarni go‘zal qilib bezab turadigan xulq-atvor bu bir-birimizga yaxshilik qilishdir. Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi Ergashevlar xonadoni ham farzandlari bo‘lmish Rahimjonov Hasanboyning shifo topib ketishi uchun bag‘rikeng insonlarning ezgu ishlariga muhtoj. Hasanboyning kasali jiddiy. Murojaatni o‘rganish maqsadida, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi katta ilmiy xodimi Yoqubov Akmal bilan suhbatda bo‘ldik.
Oliy toifali mutaxassisning tushuntirishi bo‘yicha, Hasanboy ilgari yurak jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan. Yurakning kesilgan joyi to‘liq bitmay qolgan. Chandiq sababli yurakdan chiqadigan impuls aylanish ritmi buzilib “yurak bo‘lmachalari titrashi” kasalligi paydo bo‘lgan. Shu sababli bola o‘zini muntazam yomon his qilmoqda, ko‘ngli aynib, ko‘z oldi qorong‘ilashmoqda. Hozirda bu kasallikni uch xil davolash usuli mavjud. Birinchisi, kuchli yurak dorilari bilan davolash. Bu dorilar boshqa organlarga salbiy ta'sir qilish xususiyatiga ega. Tuzalib ketish darajasi 30-40%. Dorilar doimiy ravishda iste'mol qilinsagina bu natijaga erishish mumkin. Ikkinchisi, elektro-impuls terapiya-tok bilan davolash. Vaqtinchalik davolash usuli. Yurak ritmini joyiga keltirish uchun tok beriladi. Samarasiz davolash usuli hisoblanadi. Lekin, uchinchi samarali usul-jarrohlik amaliyoti. Bu yangi davolash turi bo‘lib, yurakka oyoq tomirlari orqali kirib borilib, chandiqlar sekin-astalik bilan professional tarzda davolanadi. Ijobiy natija esa 95% hisoblanadi. Agar kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, yurakda qon turib qoladi, klapanlar ishdan chiqadi. Yurak yetishmovchiligi paydo bo‘lib, kasallik bemorni fojiali holatga olib kelishi mumkin.
Hasanboyning otasi bilan bo‘lgan suhbatda, uning egizagi ham chaqaloqligida yurak kasalligidan vafot etganini aytdilar. Hasanboy 2015 yil 9 martda «Vosit Vohidov» nomli ixtisoslashtirilgan kardio-xirurgiya markazida davolanganda yurak nuqsoni bartaraf etilmagach, Hindistonga borib jarrohlik amaliyotini boshlaridan o‘tkazgan. Hozirda esa o‘tkazilishi lozim bo‘lgan jarrohlik amaliyoti uchun oilada yetarli mablag‘ yo‘q. Olimjon Ergashevning topgan puli oila xarajatlaridan ortmaydi. Alloh ko‘ngliga solgan insonlarning yaxshiligiga muhtoj. Ularning aytishicha, yurak nuqsoni bo‘lishiga qaramay Hasanboy maktabda «5» bahoga o‘qiydi. “Iymonli, e'tiqodli, insofli va vataniga xizmat qiladigan bola bo‘ladi, inshoolloh” deb aytdilar.
Hasanboy bizga faxrlanib “Xasanboy Do‘smatovdek mashhur bokschi bo‘laman” deb aytdilar.
Yaratgan Hasanboyning dardiga shifo bersin. Yaxshilik qilgan insonlarga jannatdan joylar ato etsin. Hech kim kasal bo‘lmasin. Hasanboy ham tuzalib, orzulariga erishib, tengdoshlari qatori chopqillab yuradigan, eliga xizmat qiladigan farzand bo‘lsin. Barchangizga tashakkur, azizlar.
Hasanboy uchun ochilgan xayriya aksiyasi natijasida kerakli mablag‘ yig‘ildi. Aktsiyada ishtirok etgan barcha insonlarga tashakkur bildiramiz. 18.05.2018 y
Mavzuga oid
23:49 / 08.11.2024
Britaniyada hospis yopilmasligi uchun 6 mln funt sterling xayriya mablag‘i to‘plandi
22:50 / 08.10.2024
Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan marafon uch oyda 378 ming yevro to‘pladi
13:08 / 31.08.2024
AQShda shahar hokimiyati 12 yoshli bolaning xayriya do‘konini yopdi. Aholi bola uchun 20 ming dollar yig‘ib berdi
08:23 / 20.08.2024