23:39 / 04.05.2018
9453

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy iqtisodiy forumi​ bo‘lib o‘tishi kutilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazir birinchi o‘rinbosari, ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraisi Asqar Maminni qabul qildi. 

Davlat rahbari uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston Hukumatlararo komissiyasi faoliyati samaradorligini alohida ta'kidladi va uning amaliy natijalaridan qoniqish hosil qilganini bildirdi. 

Kun.uz axborot manbasining xabar berishicha, uchrashuvda joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy iqtisodiy forumi bo‘yicha takliflar bildirilgan. Ayni paytda forumni o‘tkazish bilan bog‘liq qo‘shimcha ma'lumot oshkor etilmayapti. 
Shavkat Mirziyoyev 2017 yil Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» xalqaro konferensiyadagi nutqida ushbu forum haqida gapirib, alohida tashabbus bildirgandi.

Xususan, «Munosib kelajakni ta'minlash uchun bugun biz qanday aniq vazifalarni bajarishimiz muhim va zarur?», deb ta'kidlagandi davlat rahbari. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperatsiyani mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratishdir. 

«​Mintaqaviy iqtisodiy forumni tashkil etish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda gap biznes hamjamiyatlari o‘rtasida bevosita muloqot va o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va innovatsion hamkorlik borasidagi aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish haqida bormoqda. Bizning mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalar vakillari bilan bir necha bor o‘tkazgan uchrashuvlarimiz iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi»​, deb aytgandi Shavkat Mirziyoyev. 

Darhaqiqat, 2017 yil davomida O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 25 foizga, ayrim davlatlar bilan esa qariyb 70 foizga o‘sdi. 

Qozog‘iston Hukumati a'zosi Asqar Mamin ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda joriy yilning yakuniga qadar ikkitomonlama savdo aylanmasini 3 milliard AQSh dollariga yetkazish hamkorlikning muhim shartlaridan biri ekanini alohida ta'kidlab o‘tdi. 

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi o‘sha konferensiyada mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e'tibor qaratib, Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assotsiatsiyasini ta'sis etishni taklif qilgandi.

Mavzuga oid
Top