12:12 / 04.05.2018
17905

Toshkentda xodimlarini propiska qilish vakolatiga ega tashkilotlar soni yana bittaga ko‘paydi

Foto: Kun.uz

«O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati rahbarlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xodimlarni doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga kiritildi. Vazirlar Mahkamasining 3.05.2018 yildagi 319-son qarori bilan tegishli tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma xabar bergan.
 
Eslatib o‘tamiz, ushbu ro‘yxatdagi organlar va tashkilotlarga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek ularning oila a'zolari (eri, xotini, shuningdek ularning o‘z oilasi bo‘lmagan farzandlari) ular lavozimda turadigan davrga mazkur organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga ko‘ra poytaxt va poytaxt mintaqasida doimiy propiska qilinadi (Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati 11-bandi).
 
Mazkur toifadagi fuqarolar doimiy propiskani rasmiylashtirish chog‘ida tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasi, shuningdek lavozimga tayinlash to‘g‘risida buyruqdan ko‘chirmani taqdim etishlari shart.
 
Fuqaro 11-bandga asosan propiska qilingan bo‘lsa, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida joylashgan uy bo‘yicha oldi-sotdi, ayirboshlash, renta, umrbod ta'minlash sharti bilan o‘zgaga berish va hadya shartnomalari, shuningdek uni garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan (uning bir qismidan) voz kechish va uni o‘zgaga berishning boshqa usullari notarial tasdiqlanadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, basharti:  
 
• Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hududida kamida 3 yil doimiy yashab turgan (lavozimda bo‘lgan) bo‘lsa;
• IIOning doimiy propiskasi borligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomasini taqdim etsa.  
 
Hujjat 3.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Top