11:58 / 04.05.2018
10161

O‘zbekistonda karp baliqlarini yetishtirish mavzusida seminar o‘tkazildi

Toshkent davlat agrar universitetida Xitoyning «Xeyluntszyan baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti» olimlari ishtirokida Xitoy texnologiyasi asosida karp baliqlarini yetishtirish mavzusida seminar o‘tkazildi.

Baliqchilik tarmog‘i oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish to‘g‘risida davlat rahbari tomonidan tomonidan 2017-2018 yillarda bir nechta qaror qabul qilindi.

Jumladan, 2018 yil 6 aprelda «Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3657-sonli Prezident qarorida ham ushbu yo‘nalishda bir qator vazifalar belgilab berilgan.

Bugungi kunda baliqchilik sohasidagi muammolardan biri bo‘lgan kadrlar yetishmasligi inobatga olinib, Toshkent davlat agrar universitetida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab baliqchilik sohasi yo‘nalishida bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul kvotasini kamida ikki barobar oshirish hamda magistratura kursini (6 nafardan iborat) tashkil etish vazifalari belgilangan.

Shuningdek, baliqchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va o‘zimizda joriy etish bo‘yicha ham bir qator topshiriqlar belgilab berilgan.

3 may kuni Toshkent davlat agrar universitetida Baliqchilik yo‘nalishida tahsil olayotgan 1-bosqich talabalari va boshqa baliqchilik sohasiga qiziqadigan talabalar uchun Xitoyning Xeyluntszyan baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari professor Xu Vey hamda professor Guo Hu ishtirokida «Xitoy texnologiyasi asosida intensiv usulda karp baliqlarini yetishtirish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda professor Xu Vey Xitoy texnologiyasi bo‘yicha intensiv usulda karp baliqlarini inkubatsiya qilish, oziqlantirish va baliq yetishtirish bo‘yicha ma'ruza qildi.

Seminar qiziqarli ruhda o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan professor Xu Veyga murojaat qilishdi. Professor Xu Vey kelgusi o‘quv yilidan o‘zbekistonlik 5 nafar talabani «Xeyluntszyan baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti»ga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida kelishuv imzolanayotgani va bundan juda xursand ekanligini bildirdi», deyilgan universitet matbuot xizmati xabarida.

Top