Avval xabar qilganimizdek, 25 aprel kuni «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) nodavlat tashkiloti tomonidan 2018 yilgi jahon matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston o‘z o‘rnini 4 punktga yaxshilab, 165-o‘ringa chiqib oldi. 2017 yilda respublikamiz 169-o‘ringa joylashtirilgan edi.

O‘zbekistonni ro‘yxatda ko‘tarilishida tashkilot bir qator siyosiy mahbus-jurnalistlarning ozod etilishi, ilgari OAVga nisbatan Human Right Watch va Freedom House kabi huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan qayd etib kelingan bosimlarning yumshatilishini hisobga olgan, albatta.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda OAV «hamon yetarli tarzda nazorat ostiga olingan, boshqa mustaqil yangiliklar saytlari bloklangan, ikki nafar jurnalist 2017 yilda hibsga olingan».

Hisobotni tayyorlashda «Chegara bilmas muxbirlar» NNT quyidagi ko‘rsatkichlarni inobatga oladi:

  • plyuralizm;
  • OAVlarning mustaqilligi;
  • tevarak-atrof va o‘zini o‘zi senzura qilish;
  • qonunchilik;
  • shaffoflik;
  • infratuzilma. 

Bizdagi OAV haqida so‘z ocha turib va ularni Butun jahon matbuot erkinligi kuni bilan tabriklab, quyidagi jihatlarga e'tiborni qaratishni lozim deb topdik.

Darhaqiqat, davlat idoralari va OAV o‘rtasida uzilish juda katta. Masalan, kecha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Namangan viloyatiga tashrifni amalga oshirdi.

Barcha ommaviy axborot vositalarida yagona va standart yangilikning manbasi bitta joydan —O‘zbekiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmatidan olindi.

Garchi yangiliklar iste'molchilarining aksariyatiga prezident Namanganga nima uchun borayotgani, u yerda qanday masalalar hal etilishi va h.k.lar juda qiziq. Lekin bu axborotlar qayerdan olinishi kerak? Natijada turli mish-mishlar tarqalmoqda: viloyat hokimi boshqa vazifaga tayinlanar ekan, u qaysidir vazirlikka kelar ekan, falon tumanning hokimi ishdan olinar ekan va h.k.