O‘zbekiston | 22:59 / 06.05.2018
32966
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor “tank biatloni” o‘tkazildi (Fotogalereya)

Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlab O‘zbekistondagi birinchi tank biatloni maydonining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov ochib berdi. Jahon standartlari asosida bunyod etilgan biatlon maydoni harbiy xizmatchilar o‘rtasida musobaqadoshlik, o‘zaro jipslik va hamjihatlik muhitini shakllantirish, ularning kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Mazkur inshoot tank, piyodalar va desantchilar jangovar mashinalari hamda zirhli transportyorlarda sun'iy hovuz, minalashtirilgan va manyovr bajarish maydoni, tankka qarshi chuqur, qo‘rg‘on, eskarp (tankka qarshi devor), kolleyali ko‘prik maketi va otish maydonchasi kabilardan o‘tishlari uchun mo‘ljallangan to‘siqlardan iborat. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, maxsus tank yo‘lagi xalqaro miqyosda o‘tkaziluvchi tank biatloni maydonlari talablariga javob beradi. Maydonda musobaqalarni kuzatish minora, harbiy texnika va shaxsiy tarkibning paradini o‘tkazish uchun saf maydoni mavjud. 

Otish mashqlarini bajarishda pushkalar uchun tezligi 1000 m/s dan kam bo‘lmagan o‘q-dorilardan foydalanildi. Musobaqaning amaliy bosqichi “Yakka tartibdagi (individual) poyga” bilan boshlandi. “Yakka tartibdagi (individual) poyga” tabiiy va sun'iy to‘siqlari mavjud bo‘lgan, jangovar yo‘lakcha va otish uchun okop (maydoncha)lar bilan jihozlangan yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi.

Shaxsiy tarkib, jangovar va harbiy texnikalarning tantanali o‘tishi hamda vertolyotlarning ko‘rgazmali uchishi namoyish etildi. Unda mingdan ziyod harbiy xizmatchi va o‘ttizdan ortiq urush yillaridagi va bugun qurollanishda turgan harbiy texnikalar tantanali marsh bilan o‘tdi. Maydon uzra ikkita vertolyotda O‘zbekiston bayrog‘i tantanavor olib o‘tildi. 

Ishg‘ol usulida harbiy xizmatchilarning vertolyotlardan desant bo‘lib tushishi ko‘rsatildi. Harbiy orkestr va harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari tashrif buyurgan ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘ldi.

  

Mavzuga oid