Mahalla guzari fonidagi qing‘irliklar. MFY raisi, aholi va deputatni hech kim eshitmayapti
Bugun tadbirkorga yaratilgan keng imkoniyatlarning amaldagi ifodasi o‘laroq shahar va qishloqlarning rivojlanib borayotganini ko‘rish mumkin. Ammo tadbirkorga berilgan imkoniyat – “u istagan ishini qilsin”, degani emas. Tadbirkor bo‘ladimi, amaldor bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro – O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga bo‘ysunishga va ishlarini ana shu qonunlar doirasida qilmog‘i shart.
2017 yilning 3 fevral kuni “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni imzolandi. Albatta, bu fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ammo mazkur farmon fonida, uni o‘zicha talqin etgan ayrim mutasaddi va mansabdor shaxslar, tadbirkorlar undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qoraqamish 2/4 massivi oltinchi uy aholisidan KUN.UZ tahririyatiga bir talay murojaatlar kelib tushdi. Yana o‘sha mavzu – “Zamonaviy mahalla guzari” binosining noqonuniy ravishda qurilishi. Ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur massivdagi ushbu bino qurilishi o‘tgan yilning sentabr oyida boshlangan. Ammo buning uchun mahalliy aholidan rozilik olinmagan, zarur hujjatlar va loyiha taqdim etilmagan. Oqibatda norozi bo‘lgan odamlar Olmazor tuman hokimiyatiga murojaat qilishadi va qurilish vaqtinchalik to‘xtatiladi, biroq bu uzoqqa bormaydi, ishlar avvalgidek davom ettirilaveradi.
- Necha yillardan buyon bu mahallaning guzari bo‘lmagan, - deydi biz bilan suhbatda MFY raisi. – Bahodir G‘oyibnazarov hokim edilar. Yangi saylangan vaqtim, mahallangizdan bir joy toping, o‘sha yerni obod qilib, guzar qilamiz dedilar. Keyin biz haqiqatda tashlandiq binoni ta'mirlagan holda ajoyib, shinam mahalla guzari qildik. Oradan vaqt o‘tib, davlatimiz rahbarining har bir mahallada zamonaviy mahalla guzari bo‘lsin degan ko‘rsatmalari chiqqach, bu yerni suratga olib ketishib, menga tuman rahbarlari : “Oqsoqol, bu yerda ikki qavatli bino tushadi, birinchisida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ikkinchisida esa tikuvchilik sexi bo‘ladi. Mahalladagi xotin-qizlar ishli bo‘lib qolishadi”, deyishdi. Bundan xursand bo‘ldim, ammo u bino qolib mana bu binoning qurib ketilgani hech aqlga sig‘maydi.
Ma'lum bo‘lishicha, mazkur binoni qurayotgan qurilish korxonasining rahbari ham u aynan nima uchun qurilayotgani va nimaga xizmat qilishini ham bilmaydi. Odamlarning aytishicha, mazkur binoning egasi ular bilan hech qachon uchrashmagan. Mahalla aholisining aytishicha, bu yer bir vaqtlar bog‘ bo‘lgan, turli xil mevali ko‘chatlar o‘tqazilgan, soya-salqin, hordiq chiqaradigan maskan bo‘lgan.
- Biz tagida dorixonasi, do‘koni bor binoni nima qilamiz? Ko‘chaga chiqsangiz, hamma joyda shu narsalar. Unda ko‘ra, mana shu binoning o‘rniga favvora qilib, soya-salqin joy shakllantirib, o‘rindiqlar o‘rnatishsa odamlar hordiq chiqarishi uchun ajoyib maskan bo‘lardi. Chunki hammaning ham shahar markaziga borib dam olib kelishga sharoiti yo‘q, - deydi mahalla fuqarolaridan biri.
Mazkur muammoga deputat ham aralashgan, ammo uning surishtiruvlari ham besamar ketgan, hech qaysi mutasaddi unga kerakli hujjatlar taqdim eta olmagan. Deputatning aytishicha, endi u deputatlik so‘rovi bilan hokimiyatga chiqadi.
Videotasvirchimiz bilan qurilish bo‘layotgan obektni ko‘rib chiqar ekanmiz, haqiqatan ham bino qurilish ishlarida texnik xavfsizlik qoidalariga amal qilinmayotganligiga guvoh bo‘ldik. Birinchidan, bino hech qanday to‘siq bilan o‘rab olinmagan, ikkinchidan elektr toki bilan bog‘liq simlar ham xavfli holatda osilib yotibdi. Ikkita hojatxonaning o‘rni kavlangan bo‘lib, shundoq yonginasida bolalar o‘ynab yurishibdi. U yerda ishlayotgan ishchilar ham xavfsizlik nuqtai nazaridan kafolatlanmagan, ularning yashash, ovqatlanish joylari juda ayanchli.
Biz voqea joyida ishchilardan qurilish egasi bilan bog‘lab berishlarini iltimos qildik. Telefon orqali o‘zini Sunnat deb tanishtirgan shaxs qurilish egasi ekanligini va qurilish bilan bog‘liq hujjatlarni, albatta, ko‘rsatishini aytib, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Shundan keyin aloqaga chiqmadi. KUN.UZ mazkur masala yuzasidan hokimiyat bilan bog‘landi. Olmazor tuman hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Yo‘ldoshev bilan suhbatda mazkur qurilish obektining hujjatlari so‘raldi. Va nihoyat hujjatlar taqdim etildi. Ma'lum bo‘lishicha mazkur qurilish “Mahkam building” qurilish kompaniyasi tomonidan olib borilmoqda ekan. Ammo mazkur kompaniya tomonidan ham ayrim zarur hujjatlar taqdim etilmadi. Xususan, “ToshaharLITI” davlat unitar korxonasining Shaharsozlik normalari va qoidalari bo‘yicha berilgan xulosasi, shuningdek, jamoatchilik roziligi olganligi haqidagi hujjat taqdim etilmadi.
Aholi esa qurilish ishlari jadallashib ketganidan xavotirda. “Hokimiyat vakillari kelib aholi turmush murojaatini tinglash o‘rniga, bizning ovozimizni o‘chirishga harakat qilmoqda”, deydi ular. Biz voqealar rivojini kuzatamiz. Hozircha, bizning o‘z xulosamiz bor. Umid qilamizki, Toshkent shahrining yangi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev zamonaviy mahalla guzarlari bilan bog‘liq qurilish ishlarini adolat bilan ko‘rib chiqadi.
Mavzuga oid
18:20 / 16.12.2024
Damasʼdan Kia Sonetʼgacha: “Halol Avtolizing”chilar yuzlab odamni aldagani ma’lum bo‘ldi
21:26 / 06.12.2024
Toshkentning ayrim ko‘chalarida 7 dekabr kuni avtomashinalar harakati vaqtincha cheklanadi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
16:21 / 11.11.2024