O‘zbekiston | 09:44
217
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri telekom xizmatlari hajmi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 20,3 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichda eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda telekom xizmatlari hajmi 8 541,7 mlrd so‘mga yetgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘n oyida telekommunikatsiya xizmatlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,3 foizga oshgan. Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari umumiy hajmida telekommunikatsiya xizmatlarining ulushi 33 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahridan tashqari, Farg‘ona viloyatida 1 477,2 mlrd so‘m, Samarqand viloyatida esa 1 476,5 mlrd so‘mlik telekom xizmatlari ko‘rsatilgan. Shuningdek, Andijon (1 156,2 mlrd so‘m), Qashqadaryo (1 048,9 mlrd so‘m), Toshkent viloyati (1 087,5 mlrd so‘m) va Namangan (1 029,7 mlrd so‘m) viloyatlari ham 1 trln so‘mga yaqin yoki undan ortiq ko‘rsatkich qayd etgan.

Buxoro viloyatida telekom xizmatlari hajmi 811,6 mlrd so‘m, Surxondaryoda 823,5 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 762,5 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 753,9 mlrd so‘m va Navoiy viloyatida 493,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Jizzax viloyatida bu ko‘rsatkich 478,6 mlrd so‘mni, Sirdaryo viloyatida esa 374,1 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, telekommunikatsiya xizmatlari hajmining o‘sishi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, internet va aloqa xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasi hisoblanadi.

Mavzuga oid