Toshkent viloyatidagi maktab-internatda o‘ta qo‘pol qonun buzilishi holatlari aniqlandi
Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati o‘rganilib, tekshirilganda o‘ta qo‘pol qonun buzilishi holatlari qayd etildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Tekshirishda aniqlanishicha, maktab-internat mansabdor shaxslari uzoq yillar davomida “ko‘zbo‘yamachilikka” yo‘l qo‘yib, yuqori turuvchi instansiyalarga ta'lim-tarbiya muassasasidagi haqiqiy ahvol haqida noto‘g‘ri ma'lumot berib kelishgan.
Xususan, tekshirish vaqtida maktab-internatda sanitariya-gigiyena qoidalariga umuman rioya qilinmaganligi ma'lum bo‘ldi.
“Masalan, maktabgacha ta'lim guruhlari uchun alohida yotoqxonalar tashkil etilmagani, yotoqxonada yashovchi bolalarga yuvinish uchun sharoitlar yaratilmagani, hattoki ta'lim muassasasining 33 nafar xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatib kelishayotganligi soha rahbarlari mas'uliyatni mutlaqo unutib qo‘yishganidan dalolat beradi”, - deyiladi xabarda.
Ko‘p yillardan buyon maktab-internat yotoqxonasida mavjud hojatxona nosoz holda bo‘lib, bolalar undan sanitariya-gigiyena talablariga zid ravishda foydalanib kelayotganligi hamda zararsizlantiruvchi eritmalar ta'minoti yo‘qligi natijasida bir qancha tarbiyalanuvchilar teri-tanosil kasalliklariga chalinganligi barchani tashvishga solishi lozim.
Ta'lim muassasasining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu kasalliklarni erta aniqlash va bolalar kasallanishining oldini olish choralari ko‘rilmasdan, aksincha, noto‘g‘ri davolash ishlari o‘tkazilib, tibbiy me'yorlarga mos bo‘lmagan muolajalar olib borilgan.
Bundan tashqari, muassasada ta'lim-tarbiya ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilishi oqibatida noma'lum shaxslar tomonidan ta'lim muassasasining 16 yoshga to‘lmagan tarbiyalanuvchilari g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilingan.
Shuningdek, muassasa rahbariyatining beparvoligi oqibatida ta'lim muassasasining 16 yoshli boshqa bir tarbiyalanuvchisi I.S.ning bir yarim oydan buyon dars mashg‘ulotlariga qatnashmasdan bedarak yo‘qolganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlariga xabar berilmagan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan maktab-internat mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dastlabki tergov davomida aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga qonuniy baho berilib, voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash va aybdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish choralari ta'minlanadi, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
21:46 / 07.08.2024
Toshkent viloyatida IIO mashinasidan sakragan fuqaro vafot etdi
14:05 / 13.02.2024
“Prezidentdan sog‘lar o‘rtasidagi tanlovlarda biz ham qatnashishimizni so‘rardim” - ko‘zi ojizlar maktabi o‘quvchilari nimani xohlaydi?
07:31 / 17.11.2023
Toshkent viloyatida vertolyot ishtirokida to‘y korteji uyushtirildi
11:34 / 27.04.2023