Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hududlarda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etiladi - Prezident qarori
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorning kirish qismida mamlakatda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda aholi hayot darajasi va farovonligining barqaror o‘sishiga imkon beruvchi faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishga, fan va innovatsion faoliyat jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qaratilganiga qaramasdan, o‘tkazilgan tahlil natijalari mamlakatda faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolar mavjudligidan dalolat berayotgani bildirib o‘tilgan.
Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda faol tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalar bozorining shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek, mahalliy va xorijiy innovatsion ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga ilgari surish uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining davlat-xususiy sheriklik shartlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida innovatsion loyihalar-startaplarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirishni amalga oshiruvchi Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullangan.
Belgilanmoqdaki, markazlar o‘z faoliyatini tijorat asosida amalga oshiradi va tashkil etilgan paytdan boshlab besh yil muddatga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- ishlab chiqarish va xizmatlarning yangi va zamonaviy turlarini yaratish maqsadida hududlarning salohiyati va resurs bazalarini chuqur tadqiq qilish;
- innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida innovatsion menejmentni rivojlantirish;
- yangi va talab yuqori bo‘lgan mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqish bo‘yicha innovatsion loyihalar-startaplarni, jumladan, xorijda qo‘llaniladigan ilg‘or uslub va texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish;
- innovatsiyalar bozorining marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, ishlab chiqarilgan innovatsion mahsulot (ish, xizmat)lar bozorlarini shakllantirish, ularning bozor talablariga yo‘naltirilishi va moslashishi uchun tavsiyalar ishlab chiqish;
- investorlar va innovatsion mahsulot (ish, xizmat)lar iste'molchilarini qidirib topish ishlarini, jumladan, innovatsion infratuzilma sub'yektlari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish orqali tashkil etish;
- innovatsion faoliyatni amalga oshirish masalalari bo‘yicha manfaatdor shaxslarning keng doirasiga maslahat berish, aholi va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ommalashtirishga qaratilgan reklama va ko‘rgazma tadbirlarini tashkil etish;
- qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, startaplar hamda sanoat va qishloq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlaridagi boshqa sheriklar bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;
- innovatsion faoliyatning ishlab chiqilgan va muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan natijalarini ilgari surish va tijoratlashtirish.
Markazlarni tashkil etishda quyidagilar davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari etib belgilanmoqda:
- markazlarni tashkil etish va ularga tegishli infratuzilmani (transport bog‘lamalari, avtostansiyalar, avtobekatlar mavjudligi va h.k.) qurish uchun zarur yer uchastkalari, bo‘sh binolar xususiy sheriklarga haq undirilmasdan, istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida ajratiladi;
- markaz binolarini qurish uchun yer uchastkalarini tanlash belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
- davlat va xususiy sheriklar tenglik asosida markazlarning ta'sischilari sifatida ishtirok etadi;
- davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv markazlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab yigirma yil muddatgacha tuziladi;
- markazlar faoliyatining yo‘nalishi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv amal qilishining butun muddati davomida saqlanib qoladi;
- markazlarning intellektual mulk obektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga qilingan xarajatlarini qoplash Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
- davlat sherigi iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashish majburiyatini oladi;
- davlat va xususiy sheriklarning huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikning boshqa shartlari davlat va xususiy sheriklar o‘rtasida Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashining roziligi bilan tuziladigan kelishuvlarda belgilanadi.
Prezidentning PF–5308-son farmoni bilan quyidagilar 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatga yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod qilinadi:
- yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar;
- venchur fondlardan birgalikda moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali loyihalar-startaplar;
- ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar, loyiha-konstruktorlik byurolari o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotishdan (foydalanishga berishdan) olingan daromadlar bo‘yicha;
- yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qiluvchi tashkilotlar bu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha.
- Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari rahbarlariga ularning tarmoq ixtisosliklarini hisobga olgan holda mablag‘lari markazlarning tadqiqotlari va ishlanmalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan, jumladan, ularning ustav kapitaliga kirish orqali korporativ venchur fondlarni tashkil qilish tavsiya etilsin.
Qarorga ko‘ra belgilab qo‘yilmoqdaki:
- markazlar uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining innovatsion loyihalarni moliyalashtirish umumiy hajmining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larini zaxira qilish nazarda tutiladi;
- markazlarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etishda davlat sherigi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, boshqa davlat organlari, korxonalar va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin;
- xususiy loyihalarni tanlab olishning asosiy mezonlari davlat sherigi tomonidan belgilanadi;
- kelishuv xususiy sheriklar tashabbusi bilan bekor qilinganda ularning markazlarni tashkil qilishdagi xarajatlari qoplanmaydi, qurilishi tugallanmagan obekt davlat mulkiga o‘tkaziladi va xususiy sheriklarni qidirib topish mazkur qarorga muvofiq qaytadan o‘tkaziladi;
- markazlarning qurilayotgan binolariga barcha zaruriy tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, kommunal infratuzilmalarni olib kelish elektr energiyasi qismi bo‘yicha – “O‘zbekenergo” AJ hisobidan, gaz ta'minoti qismi bo‘yicha – “O‘ztransgaz” AJ hisobidan, telekommunikatsiya tarmoqlari qismi bo‘yicha – “O‘zbektelekom” AK hisobidan, avtomobil yo‘llarini qurish qismi bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan, suv ta'minoti, kanalizatsiya va avtostansiyalarni qurish qismi bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyetlari mablag‘lari hisobidan markazlarni tashkil etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
- markazlarning binolari foydalanishga qabul qilinganidan keyin mahalliy davlat hokimiyati organlari qulay transport yo‘nalishlari va yo‘lovchi
- transportining bir maromda ishlashini tashkil etadi.
Tijorat banklariga markazlar tomonidan innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda, jumladan, markazlarga va boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga imtiyozli kreditlarni ajratish orqali keng ishtirok etish tavsiya qilinsin.
Qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga:
- ikki oy muddatda potensial investorlarni qidirib topish va ular bilan mazkur qarorda belgilangan davlat-xususiy sheriklik shartlarida markazlarni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvlarni tuzish;
- O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda markazlarni tashkil etishda qatnashishga jalb qilish, jumladan, grant va homiylik mablag‘larini ajratish maqsadida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, moliya institutlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish;
- bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida markazlarga ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, jumladan, davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishda har tomonlama ko‘maklashadigan Markazlar ishlanmalarini tijoratlashtirish yagona markazini tashkil etish to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
- O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini keng yoritish hamda aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazishni ta'minlash vazifasi topshirildi.
Mavzuga oid
14:44 / 13.02.2026
“Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi
19:17 / 07.04.2023
Futbolni har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori imzolandi
21:15 / 23.02.2023
Ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berildi – prezident qarori
18:56 / 30.01.2023