O‘zbekiston | 09:22 / 09.05.2018
11822
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni belgilab berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tkazilgan tahlil natijalari mamlakatda faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart- sharoitlarni yanada yaxshilashga to‘sqinlik qiluvchi, jumladan, quyidagi qator tizimli muammolar mavjudligidan dalolat beradi:

birinchidan, hududlarning mavjud resurs bazasi va salohiyatini hisobga olgan holda ilg‘or va zamonaviy innovatsion ishlanmalar, texnologik loyihalar-startaplar va innovatsiyalar bozorini tizimli tahlil qilish yo‘lga qo‘yilmagan;

ikkinchidan, innovatsion loyihalar-startaplarga investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasiga innovatsiyalarni faol joriy qiluvchi iqtidorli tadbirkorlar faoliyatiga ko‘maklashish va muvofiqlashtirish ishlari lozim darajada amalga oshirilmayapti;

uchinchidan, innovatsion rivojlanish sohasida, ayniqsa, joylarda ishbilarmonlik muhiti past darajada, shuningdek, innovatsion va muvaffaqiyatli texnologik loyihalar-startaplarni ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega tadbirkorlarning yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda;

to‘rtinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarning ma'lumotlar bazasi mavjud emas, yangi resurslarni yaratish va tajribani biznes-tuzilmalarga o‘tkazish amaliyoti rivojlanmasdan qolmoqda;

beshinchidan, innovatsion ishlanmalar bozorini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari sust darajada ishlab chiqilgan, innovatsion g‘oyalardan samarali foydalanishni muvofiqlashtirish yo‘lga  qo‘yilmagan, innovatsion ishlanmalarning sifati esa bozor talablariga javob bermaydi;

oltinchidan, innovatsion ishlanmalar, texnologik loyihalar-startaplar sohasiga texnika oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari va iqtidorli yoshlarni jalb etishga, shuningdek, biznes-inkubatorlarni yaratishga lozim darajada e'tibor qaratilmayapti;

yettinchidan, aholi o‘rtasida innovatsion tadbirkorlikni ommalashtirish ishlari samarali olib borilmayapti, innovatsion mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishga va ilgari surishga jalb qilishda texnik va psixologik to‘siqlar saqlanib qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid