10:41 / 11.05.2018
6321

Bojxona yig‘imlarini maqbullashtirish taklif etildi

Foto: UzReport

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida tegishli loyiha joylashtirilgan.
 
Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 30.04.1999 yildagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan bojxona yig‘imlari stavkalari amal qiladi. Loyihani ishlab chiquvchi – Davlat bojxona qo‘mitasi yig‘imlar soni, ularning miqdorlari, ayrim hollarda esa ularni hisoblab chiqarish tartibiga ham jiddiy o‘zgartirish kiritishni taklif etmoqda, deb yozyapti Norma.

Yig‘imlarning umumiy soni qisqaradi
 
Bojxona yig‘imlari undiriladigan xatti-harakatlar ancha qisqartirilishi mumkin. Xususan, quyidagi yig‘im turlarini chiqarib tashlash taklif etilmoqda:

• tovarlarni tasniflash bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilganlik uchun (50 yevro);
• bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisga malaka attestati berganlik uchun (150 yevro);
• bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassis malaka attestatining amal qilishini qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik (amal qilishini uzaytirganlik) uchun (150 yevro);
• bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassis malaka attestatining amal qilishini tiklaganlik uchun (300 yevro);
• tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma berganlik uchun (150 yevro);
• tovarlarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga ruxsatnoma berganlik uchun (150 yevro);
• bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisni o‘qitganlik uchun (100 yevro);
• xodim tomonidan «eksport» bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarni belgilangan joydan va (yoki) bojxona organlarining ish vaqtidan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun, bitta xodimning bir soatlik ishi hisobidan (EKIHning 5%i);
• intellektual mulk obektlarini Intellektual mulk obektlari bojxona reyestriga kiritganlik uchun (15 yevro).
 
Bunda faqat 2 turdagi yig‘im qo‘shimcha ravishda joriy etiladi:

• xodim tomonidan bojxona organlarining ish vaqtidan tashqarida tovarlarning bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun yig‘im, bitta xodimning bir soatlik ishi hisobidan, («eksport» bojxona rejimi bundan mustasno) ish vaqtidan tashqari paytlarda (soat 18.00-9.00), dam olish, bayram kunlari – 10 yevro;
• avtotransport vositasini maxsus bojxona plombasi bilan plombalaganlik uchun yig‘im (1 ta plomba uchun) – 1 yevro.
 
Bundan tashqari, ayrim turdagi yig‘imlar bo‘yicha miqdor va hisoblab chiqarish tartibini o‘zgartirish taklif etilmoqda.
 
Bojxona yuk deklaratsiyasini «tranzit» bojxona rejimida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish
 
Hozir har bir asosiy varaq uchun 10 yevrodan va har bir qo‘shimcha varaq uchun 5 yevrodan undiriladi. Buning o‘rniga yagona yig‘im – 10 yevro taklif etilmoqda. Bunda u BYuDning har bir varag‘i yoki varaqlarning muayyan turi (asosiy/qo‘shimcha) uchun undirilishi qayd etilmagan.
 
Bojxona organi egasi bo‘lgan tovarlarni bojxona omborida saqlash
 
Dastlabki 60 sutka davomida har bir to‘liq/to‘liq bo‘lmagan sutka uchun – EKIHning 2%i miqdorida, keyingi kunlar uchun esa EKIHning 3%i miqdorida undirish taklif etilmoqda.
 
Hozir: dastlabki 10 sutka davomida – bojxona qiymatining 0,1%i, keyingi har bir kun uchun – bojxona qiymatining 0,2%i.
 
Bitta transport vositasini bojxona tomonidan kuzatib borganlik uchun
 
Masofaga qarab quyidagi yig‘im miqdorlarini belgilash taklif etilmoqda:

• 50 km gacha – 10 yevro;
• 51 km dan 200 km gacha – 50 yevro;
• 200 km dan ortiq – 100 yevro.
 
Ayni paytda ikki pog‘onali shkala bo‘yicha yig‘im undiriladi: 200 km gacha masofaga – 50 yevro, undan ortiq bo‘lsa – 120 yevro.
  
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top