00:42 / 11.05.2018
8493

Ishbilarmonlarni aldab NASA uchun "yangi qurilma"ga pul to‘plagan ota-bola fosh qilindi

Dehlida NASA uchun 375 milliard rupiylik (5 milliard dollar atrofida) qurilma ishlab chiqayotganini ta'kidlagan ota va bola qo‘lga olindi. 

Yangi uskuna sinovlari bir necha marta "noqulay ob-havo" tufayli bekor qilinganidan keyin shubhaga borgan ishbilarmon mahalliy huquq-tartibot organiga murojaat qilgan. U politsiyaga murojaat qilib, firibgarlarga 200 ming dollardan ortiq pulni topshirgani haqida so‘zlab bergan.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, 56 yoshli Moxan Brar va 30 yoshli Nitin Moxan Brar Dehli, Uttar-Pradesh va Uttarkxandning 30 fuqarosini aldashgan. Dehli politsiyasi xodimi Alok Kumarning aytishicha, gumondorlar qo‘lga olish vaqtida alyuminiy folgadan yasalgan skafandrda bo‘lishgan. Ota va bolaning yonida shuningdek noutbuk, printer, shaxsni tasdiqlashga doir soxta guvohnomalar, chet el chek kitobchasi bo‘lgan va ular Audi avtomobilida harakatlanayotgan bo‘lgan. 

Qo‘lga olingan shaxslar jabrlanuvchilarga "chaqmoq va momaqaldiroqdan elektr energiyasi ishlab chiqarishga yordam beruvchi" qurilma ishlab chiqarganlari haqida aytishgan. Uni go‘yoki Hindiston mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti orqali NASAga sotish rejalashtirilgan. 

Firibgarlarning so‘zlariga ko‘ra, qurilma chaqmoq urgan "noyob mis" asosida ishlab chiqilgan, shuning uchun "guruchga magnitdek ta'sir qilgan".

"Qo‘lga olingan shaxslar mis likopcha yoki boshqa mis idishni olib, uni suyuq magnit bilan qoplashgan va so‘ngra qaynatilgan guruchni metall zarrachalari bilan aralashtirishgan. Jabrlanuvchilarni aldash maqsadida ular guruchni magnitlashtirilgan idishga otishgan", - deydi politsiyachi Alok Kumar.

Brarlar shuningdek xaridorlarni tovar haqiqiy ekanligiga ishontirish maqsadida Hindiston mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti xodimlari rolini o‘ynagan aktyorlarni ham jalb qilishgan. Aktyorlar buning uchun 20 ming rupiy (300 dollar atrofida) maosh olishgan.

Boshqa bir ishbilarmon Narender Sayni Virender bilan bir necha yil ilgari tanishgani haqida so‘zlab berdi. U kompaniya "guruch magnetizatori"ni ishlab chiqib, uni NASAga sotishini aytgan va Saynini unga pul tikishga chaqirgan.

Virender qurilma sinovlari muvaffaqiyatli o‘tsa, Sayni 100 million rupiy (1,5 million dollar atrofida) olishiga ishontirgan. Ular shartnoma tuzishgan va ishbilarmon unga 8,7 million rupiy (130 ming dollar) bergan. Saynini voqeaga ishontirish uchun hatto idoraga ham olib borishgan.

Test Xapur shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan, biroq joy "nobopligi" sabab uni tugallashga muvaffaq bo‘linmagan.

Politsiyaning ma'lum qilishicha, Brarlar Nyu-Yorkda oyiga 60 ming rupiylik uyda ijarada yashashgan, ularning Dehlida yettita idorasi bo‘lgan. Ular lyuks toifali avtomobillarda harakatlanishgan va ikki qurollangan qo‘riqchi bilan yurishgan. Bundan tashqari, erkaklar ingliz tilini yaxshi bilishgan, shu bois ko‘pchilik ularning firibgarligi haqida o‘ylamagan ham. 

Bundan avval ota va bola 17 million rupiy (250 ming dollar)ga sotilgan ilonlar savdosi uchun qo‘lga olingan. Ular bu ilonlar noyob ekani va ular shifobaxsh xususiyatga ega ekanligini aytib aldashgan. Keyinchalik ularni garov evaziga qo‘yib yuborishgan. 1990-yillarda Virenderning ustaxonasi bo‘lgan va u bu yerda o‘g‘li bilan ishlagan. Moliyaviy sabablar tufayli ular sehrli ko‘zgu va ikki boshli ilon kabi "noyob" predmetlar bilan savdo qilib, odamlarni alday boshlashgan.

Top