Jahon | 20:20 / 12.05.2018
17331
2 daqiqa o‘qiladi

Plastik chiqindilar dunyoning eng chuqur joyigacha ham yetib bordi

Dunyoning eng chuqur joyi bo‘lgan Mariana botig‘ida, 10 km dan ko‘proq chuqurlikda plastik paket aniqlandi. Ushbu “topilma” Yaponiyaning yer va dengizni o‘rganish bo‘yicha fanlar va texnologiyalar agentligi loyihasi JAMSTEC doirasida aniqlangan. Bu haqda Marine Policy nashridagi maqolada batafsil ma'lumot berilgan.

Foto: JAMSTEC

Olimlarning fikricha, ushbu topilma okeanning qanchalik katta ko‘lamda ifloslanganini yaqqol ko‘rsatadi. 30 yil davom etgan loyiha doirasida tadqiqotchilar okeanning eng chuqur joylarida 3 mingdan ko‘proq turli chiqindi aniqlashgan. Bu davr ichida dengiz va okeanlar tubiga 5 mingdan ko‘proq marta g‘avvoslar sho‘ng‘igan va chuqur suv osti qurilmalari jo‘natilgan. Topilgan chiqindidan uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini bir marta ishlatiluvchi qadoqlarning mayda plastik bo‘laklari – mikroplastik tashkil qilgan. Chiqindilardan yarmidan ko‘prog‘i 6 ming metrdan chuqurroqda aniqlangan.

Topilgan chiqindilar orasida metall bo‘laklar 2-o‘rinni egallagan. Ular umumiy chiqindining chorak qismini tashkil qilgan. 17 foiz holatda bu chiqindilar oldida chuqur suv ostida yashovchi jonzotlar aniqlangan. Olimlar ifloslanish chuqur suv osti ekotizimlariga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

 

Mavzuga oid