Karantin davrida plastik idishlar orqali birlamchi oziq-ovqatlarni eltib berish ommalashdi. Bu xizmatdan foydalanish yo‘li bilan ijtimoiy masofa saqlashga harakat qilinmoqda. Kafelarda doimiy idishlar o‘rniga bir martalik kofe idishlardan foydalanish bilan ham virus tashish ehtimoli kamayishiga ishonilmoqda.
Biroq masalaga boshqa tarafdan qaralsa, manzara butunlay boshqacha ko‘rinadi: shifoxonalar tashqarisida tibbiy chiqindilardan iborat plastik qoplar uyumlari paydo bo‘lgan, ishlatib bo‘lingan shaxsiy himoya vositalari qirg‘oqlarni to‘ldirgan.
Yangi xavfning yuzaga chiqishi
Jahon iqtisodiy forumi saytida yozilishicha, agar bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashilmasa, pandemiyadan so‘ng insoniyat hayoti uchun ancha jiddiy ekologik falokatlar sodir bo‘lishi mumkin.
Albatta, hayotiy himoya vositalari bo‘lgan plastiklar va ularning suv yuzalarini ifloslantirishi dunyo aholisi uchun hamisha xavfli bo‘lib kelgan. Koronavirusdan oldin ham siyosatchilar, kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar bu masalani hal qilish uchun doim bosh qotirgan.
Shu boisdan ayrim hukumatlar bir martalik idishlar uchun turli soliqlar va cheklovlar joriy etgan bo‘lsa, ba'zi kompaniyalar tabiatga zarar yetkazmaydigan qadoqlash turlari uchun xizmatlarini ko‘paytirmoqda.
COVID-19 inqirozi esa plastiklar bilan bog‘liq tendensiyalarni jiddiylashtirib yubordi.
Masalan, Xitoy Atrof-muhit va ekologiya vazirligi Uhanda virus avj nuqtaga chiqqanda shifoxonalardan kuniga 240 tonna chiqindi chiqqanini ma'lum qilgan. Normal paytlarda esa kunlik 40 tonna chiqindi hosil qilinardi.
AQShdagi firmalardan biri COVID-19 davrida Amerikaning 2 oylik tibbiy chiqindisi davlatning odatiy holatdagi bir yillik chiqindisi miqdoridan ko‘p bo‘lishini taxmin qildi.
Tibbiy niqoblar ham xuddi shunday. Xitoyda kunlik niqob ishlab chiqarish fevralda 116 million donaga yetkazilib, odatiy ko‘rsatkich 12 martaga oshgan. Dunyo bo‘ylab esa yuzlab tonna ishlatilgan tibbiy niqoblar yig‘ishtirib olinmoqda.
Tailand Atrof-muhit institutining izlanishlariga ko‘ra, plastik iste'moli 1,5 ming tonnadan 6,3 ming tonnaga oshdi. Bu ko‘rsatkich yuqorilashi oziq-ovqat yetkazib berish xizmatining ommalashgani bilan izohlanmoqda.

















