Jahon | 10:37 / 15.05.2018
17112
2 daqiqa o‘qiladi

E'tiborsiz xaridor ikki dona pirojka uchun 23 ming dollar to‘lab yubordi

Foto: RIA Novosti / Aleksandr Demyanchuk

Xitoyning Xenan markaziy provinsiyasidagi Chjenchjou shahrida yashovchi erkak ko‘chadagi do‘konchalardan birida bug‘da pishirilgan ikkita pirojka-baotsziga Alipay elektron to‘lov tizimi orqali pul to‘ladi. Shu bilan birga, u dasturdagi xato tufayli 147 ming yuan (23 ming dollar) to‘lab yubordi va buni o‘zi ham sezmay qoldi.

Xitoyda shunday go‘shtli yoki sabzavotli pirojka o‘rtacha 1,5-5 yuan atrofida turadi. Erkak hisob raqamidan bunchalik katta pul qanday qilib yechib olinganini o‘zi ham tushunmagan. Voqea Weibo ijtimoiy tarmog‘ida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xe familiyalik sotuvchi daromad bo‘yicha oylik hisobotni tayyorlayotib, do‘koncha hisobida ortiqcha 147 ming yuanni aniqlagan. U xaridor hisobdan to‘lov uchun baotszi narxining o‘rniga olti sonli maxfiy so‘zni kiritib yuborganini taxmin qildi. Sotuvchi bu haqda darhol rahbariyatga xabar berdi va o‘zining halolligi uchun 5 ming yuan (taxminan 800 dollar) bilan mukofotlandi.

Tez ovqatlanish do‘konchalari tarmog‘i rahbariyati mahalliy politsiya bilan bog‘landi va ro‘y bergan voqea haqida xabar berdi. Shuningdek, sotuvchi OAVga murojaat qilib, xaridorni izlashda yordam so‘radi, sababi uning o‘zi bog‘lanishga urinmagan. Keyinchalik Alipay kompaniyasi xodimlari u bilan bog‘lanib, xato haqida xabar berishdi.

Barcha pullar ushbu xaridorga o‘tgan hafta mahalliy politsiya bo‘linmasida qaytarib berildi.

 

Mavzuga oid