O‘zbekiston | 15:42 / 15.05.2018
5470
2 daqiqa o‘qiladi

Insofsiz yetkazib beruvchilar 3 yilga elektron davlat xaridlarida ishtirok etish huquqidan mahrum etiladi

14 may kuni Davlat xaridlari yagona axborot portali taqdimot marosimini o‘tkazdi, deb yozyapti Norma.

Xarid.uz portalida axborotni to‘liq e'lon qilish, shuningdek davlat xaridlarini elektron do‘kon va auksion shaklida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Tovarlarni sotib olish to‘g‘risidagi e'lonlarni chop etishdan boshlab buyurtmachi bilan savdo g‘olibi o‘rtasida shartnoma tuzishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar elektron shaklda amalga oshiriladi.
 
Buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar faqat elektron raqamli imzodan (ERI) foydalangan holda elektron xaridlarda ishtirok etadilar.
 
Portalning elektron tizimiga Hisob-kitob-kliring palatasi (HKKP) orqali bitimlarni kafolatli ta'minlash amaliyoti joriy etiladi. Tomonlar elektron xaridlarda ishtirok etish uchun avans to‘lovini kiritishlari shart, buyurtmachi yoki yetkazib beruvchi shartnoma majburiyatlarini bajarmaganda u jabrlangan tomon foydasiga undirib olinadi. Shartnoma majburiyatlarini buzgan yetkazib beruvchi insofsiz yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilib, 3 yilga elektron xaridlarda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum etiladi. Tegishli qaror Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tomonidan qabul qilinadi. Jarima sanksiyalarini qo‘llash amaliyoti tomonlarning javobgarligini oshirish uchun zamin yaratib, shartnomaviy intizomni mustahkamlaydi.     
 
Davlat xaridlari ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun kunu tun faoliyat yurituvchi xizmat ham tashkil etilgan (call-markaz: 213-33-30 yoki 1162).
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid