00:33 / 15.05.2018
10738

Hovlisida 156 tup nasha yetishtirgan odamga 10,5 yil qamoq jazosi tayinlandi

Foto: Fotolia

Inson hayotga bir marta keladi. Bu umrni halol mehnatga, yaxshilikka, ezgu ishlarga sarf qilish umuminsoniy qadriyat hisoblanadi. Lekin yashash uchun berilgan umrni mutlaqo bekorchi ishlarga, kayf-u safoga bag‘ishlovchilar ham yo‘q emas. O‘zi-ku mayli, lekin jinoyat orqasidan daromad orttirishni, boshqalarga ham og‘u sotishni maqsad qilgan bo‘lsa-chi?

2017 yil 15 avgust kuni Samarqand tuman Ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Qoradori–2017» maxsus tadbiri davomida Faxriddin Rahimov Samarqand tumanidagi o‘zi istiqomat qilib kelayotgan uyining hovlisidagi issiqxonada jami 156 tup kannabis (nasha) giyohvandlik ekinlarini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelganligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, F.Rahimovning tomorqasidan ashyoviy dalil tariqasida olingan 156 tup kannabis giyohvandlik o‘simligining sof vazni qariyb 49 kilogramm ekanligi, quruq holdagi sof og‘irligi 19 kilogrammga teng ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Garchi F.Rahimov ushbu giyohvandlik moddalarini o‘z iste'moli uchun yetishtirayotganini ta'kidlagan bo‘lsa-da, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda boshlagan jinoyatini oxiriga yetkaza olmadi, ammo u ko‘p miqdordagi kannabis va marixuana giyohvandlik moddalarini qonunga xilof ravishda sotishga qasd qilganligi aniq. Inchunin, bir kishining o‘zginasi buncha og‘uni chekib tashlashi uchun yillar kerak bo‘ladi.

Sudlanuvchining sud majlisida bayon qilishicha, katta o‘g‘li Rossiya Federatsiyasidan qaytib kelib, issiqxonada yetishtirilayotgan giyohvandlik moddalarini ko‘rib jahllangan, o‘g‘liga «ularni yulib tashlayman», deb va'da bergan. Ertasi kuni soat 11 larda qishloq uzra vertolyot uchib o‘tganida ham yulib tashlashga ulgurmasdan, uyiga ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelishgan…

Sudlov hay'ati, sudlanuvchi F.Rahimovning o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, giyohvandlik vositasini sotish niyati bo‘lmaganligi haqidagi ko‘rsatuvlariga tanqidiy baho berdi.Uning dastlabki tergovda va sud majlisida keltirgan vajlarini javobgarlikdan qochish uchun o‘ylab topilgan deb, dastlabki tergov davrida to‘plangan dalillar, ekspertiza xulosalari va guvohlarning dastlabki tergov va sud davrida bergan ko‘rsatuvlari to‘liq rad etildi.

Qilmish-qidirmish, deydilar. Sodir etilgan jinoyat uchun sudning qat'iy hukmi yangradi — Faxriddin Rahimov Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor deb topildi va uzil-kesil 10 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Boz ustiga, unga nisbatan jazoni o‘tash joylarida giyohvandlikdan davolanishga tibbiy yo‘sindagi chora tayinlandi, deydi Kun.uz’ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudi sudyasi D.Nuraliyev.

Top