Iqtisodiyot | 23:24 / 16.05.2018
50883
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zagroeksport” sarimsoq piyozning xarid narxini e'lon qildi

Ayni pishiqchilik davriga kirib boryapmiz. Bozorlarga aprel oyi oxirida qulupnay, tut va gilos chiqqan bo‘lsa, hozir voha tomondan o‘rik kelishni boshladi. Bodring arzon bo‘lgan kunlardamiz.

Keksalarimiz “Qo‘li dard ko‘rmasin”, “Baraka topsin” deya duo qiladigan dehqonlarning mehnatlari evaziga yetishtirilgan hosil bu. Ana shunday mirishkorlar borligi sabab, iste'mol bozorimizda narxlar barqaror bo‘lib turibdi.

Dehqonlarimiz o‘zimizning bozorni to‘ldirish bilan bir vaqtda katta maydonlarga ekkan mahsulotlarini chet davlatlarga eksport ham qiladi.

Bu yilgi sarimsoq piyoz hosili o‘tgan yilgiga nisbatan ancha oshishi, ya'ni ko‘proq maydonga ekilgani natijasida  ushbu mahsulotni jahon bozoriga eksport qilish imkoniyati bo‘ladi.

“O‘zbekoziqovqatxolding”  XK tarkibidagi “O‘zagroeksport” kompaniyasi sarimsoq piyozning 2018 yilgi hosili uchun xarid narxlarini e'lon qildi. Unga ko‘ra 55-60 mm kalibrli (o‘lchamli) sarimsoq piyozning 1 kg uchun xarid narxi 4 500  so‘m etib belgilandi.

Kichik tahlil

Ma'lumki, sarimsoq piyoz urug‘i yerga sentabr oyida ekiladi. Sarimsoq piyoz sakkiz oyda yetilib, to‘qqiz oyda pishadi. Aprel oyi, ya'ni yetilib qolgan paytida bandi ko‘k holicha sotilsa,  may oyining oxirida kavlab olinib, ko‘raklab sotiladi.

Hozir vodiy paykallari boshida ko‘tarasiga sotilayotgan sarimsoq piyozning narxi ikki ming besh yuz, uch ming so‘m ekan. Voha tomonlarda ertaki pishgan sarimsoq piyoz narxi 2 ming so‘m atrofida. O‘tgan yili sarimsoq piyoz xuddi shu payt bozorlarda kilosi 8000dan sotilgan edi.

Tahlilimiz tashkilot tomonidan sarimsoq piyozning xarid narxi dehqonlar uchun ichki bozor narxiga nisbatan foydali belgilanganini ko‘rsatmoqda. Endi  ana shu narxda sotib olish uchun eksportyor – xaridor kelsa bo‘lgani.       

Elmurod Ermatov, jurnalist

Mavzuga oid