22:20 / 20.05.2018
14484

Buxoroda «Umar ibn Xattob» jome masjidi ro‘yxatdan o‘tkazildi

Mamlakatimizda insonning boshqa huquq va erkinliklari qatori vijdon va e'tiqod erkinligini ham ta'minlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 20 iyundagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish Qoidalari»da vijdon erkinligining asosiy tamoyillari, vazifalari, ularni amalga oshirish yo‘llari, qoidalari va kafolati, fuqarolarning bu sohadagi huquq va burchlari belgilab berilgan.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunda belgilanganidek vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Darhaqiqat, vijdon erkinligi – har bir fuqaroning dinga e'tiqod qilishi yoki qilmaslik, diniy rasm-rusum va marosimlarda ishtirok etish yoki etmaslik kabi dinga nisbatan o‘z munosabatini mustaqil aniqlaydigan shaxsiy huquqidir. Har bir fuqaro o‘z ixtiyori bilan diniy ta'lim olish huquqiga ega. Buning uchun fuqarolarni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlatimiz tomonidan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon va e'tiqod erkinligi huquqidan foydalanish qat'iy kafolatlangan.

Diniy bag‘rikenglik esa – xilma-xil diniy e'tiqodda bo‘lgan kishilarning olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi, kishilik jamiyati ravnaqi yo‘lida xizmat qilishini anglatadigan tushunchadir. Bugungi kunda mazkur g‘oya jamiyatning barcha a'zolari hamkorligini nazarda tutuvchi, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ozod va obod Vatan qurishning muhim shartlaridan biridir.

Sho‘ro davrida mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 90taga yaqin islom yo‘nalishidagi diniy tashkilot (masjid, madrasa) faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi boshqaruvi ostida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy boshqarmalarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 2000dan ortiq masjid faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu jumladan, Buxoro viloyatida ham 105ta islomiy yo‘nalishidagi va 10ta noislomiy yo‘nalishdagi diniy tashkilot ro‘yxatga olingan.

Buxoro viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Ro‘ziyevning xabar berishicha, 18 may kuni Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Buxoro shahri, «Xo‘jamushkin» MFY, Alpomish ko‘chasida joylashgan «Umar ibn Xattob» jome masjidi ro‘yxatdan o‘tkazilib, uning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma diniy tashkilotga borib tantanali ravishda topshirildi.

Foto: Buxoro viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati
Foto: Buxoro viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati

Bundan tashqari, diniy tashkilot a'zolari bilan suhbat o‘tkazilib, ularga Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoni va soha faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ustav talablariga rioya qilish shartlari tushuntirildi.

Mazkur diniy tashkilotning ro‘yxatdan o‘tkazilishi o‘sha hududda noan'anaviy diniy oqimlarning yoyilib ketishi oldini olishga, aholining, ayniqsa, yoshlarning turli xil diniy oqimlarning ta'siriga tushib qolishidan saqlashga xizmat qiladi.

Foto: Buxoro viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati

Shuningdek, diniy tashkilotning asosiy vazifalari «jaholatga qarshi ma'rifat» ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng targ‘ib qilish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, dinni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadigan buzg‘unchi yot g‘oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholining, ayniqsa, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish, jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan g‘oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish hisoblanadi.

Foto: Buxoro viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati

Xulosa qilib aytganda, respublikamizda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish hamda ularga rahbarlik qilish, noan'anaviy diniy oqimlarning yoyilib ketishini oldini olish, diniy ta'lim tizimini takomillashtirish, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash kabi diniy hayot barqarorligini ta'minlashga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun kuchli huquqiy mexanizm yaratilgan.

Foto: Buxoro viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmati

 

Mavzuga oid
Top